Fan-texnika | 22:52 / 14.05.2017
15475
8 daqiqa o‘qiladi

Mark Tsukerberg ishbilarmonlik, shaxsiy o‘sish, internet va kelajak haqida

Foto: facebook.com/zuck

14 may kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘i asoschisi va dunyoning eng yosh milliarderlaridan biri Mark Tsukerberg 33 yoshga to‘ladi. Shu munosabat bilan HBR Tsukerbergning ishbilarmonlik, shaxsiy o‘sish, internet va kelajak haqidagi eng yorqin bayonotlarini chop etadi.

Facebook'ning boshlanishi haqida. «Ijtimoiy tarmoq» filmi biz haqimizda haqiqatni so‘zlamaydi. Aslida hammasi boshqacha bo‘lgan. Biz Facebook'ni yaratgunimizga qadar, Harvard universitetidan oldin, maktabda men internetdan foydalanar edim va qidiruv tizimidagi turli ma'lumotlarni kuzatardim. Qiziq paytlar edi. Internetdagi mavjud ma'lumotlarga ilk bor kirish imkoniga ega bo‘lganingizda ulkan taassurot olasiz. Sizdan oldingi avlodda bunday imkon bo‘lmaganini anglab yetasiz. Bu ajoyib bo‘lgan va shubhasiz foydali bo‘lgan, lekin men atrofimdagi kishilarning nimaga qiziqishini kuzatganman. Barchamiz insonlarmiz, shunday ekan, boshqalar bilan muloqot qilishni istaymiz. Bu dunyoni anglab yetish va unga boshqa kishilar ko‘zi bilan qarashga qiziqamiz... Facebook ishga tushgunga qadar internetda bunday imkoniyat bo‘lmagan. Boshqa odamlarning o‘y-xayollari, ularning hayotida ro‘y berayotgan voqealarni bilish uchun Google'dan foydalanib bo‘lmasdi, shu bois men insonlar bir-biri bilan ma'lumot almashishi mumkin bo‘lgan tarmoqni qurishga kirishdim.

Foto: Getty Images

G‘oyaning jiddiy loyihaga aylanishi haqida. Facebook'ning ilk versiyasini ishga tushirgan tunimiz bir umrga yodimda muhrlanib qolgan. Biz hozirda birga ishlab kelayotgan do‘stlarimiz bilan pitssa yeb, qachondir kimdir xuddi shunday dunyo hamjamiyatini tuzishi haqida mushohada qilgan edik... Biroq bu bizning o‘zimiz ekanimiz haqida hatto o‘ylamaganmiz ham... Menda dastlab ulkan kompaniyaga asos solish va uni boshqarish istagi bo‘lmagan, men shunchaki do‘stlarimiz bilan aloqada bo‘lishga yordam beruvchi tarmoqni yaratmoqchi bo‘lganman. Hech qanday katta rejalar bo‘lmagan. Saytning birinchi versiyasi bir necha haftaga yozilgan edi, bundan nima chiqishini kuzatish qiziq edi. Ma'lum vaqt o‘tgach, boshqa universitet va maktablardagi bolalar ham saytga qo‘shilish istagini bildirishdi. Shundan keyin boshqa mamlakatlardagi talabalar ham unga qo‘shilmochi ekanliklarini ma'lum qilishdi, bir necha yildan keyin esa saytimiz barchani qiziqtirib qoldi.

Yoshlikdagi xatolar haqida. Talabalik davrimda ancha ahmoqona ishlar qilganman. Biroq ular uchun uzr so‘ramoqchi emasman. Men haqimda aytiladigan gaplarning ba'zilari to‘g‘ri, ba'zilari esa - yo‘q... Men Facebook'ni 19 yoshimda yarata boshlaganman va bu vaqt ichida ko‘p narsa o‘zgardi.

Facebook boshqa kompaniyalardan nimasi bilan ajralib turishi haqida. Bizning vazifamiz dunyoni yanada ochiq va odamlarni bir-biriga yaqin qilishdan iborat. Biz uni istagan ma'lumoti bilan bo‘lishish va xohlagan insoni bilan muloqot qilish imkoni bilan ta'minladik.

Foto: Getty Images

Pullar nima uchun kerakligi haqida. Hammasi oddiy: biz pul ishlash uchun servis yaratmaymiz. Biz eng yaxshi servislarni yaratish uchun pul ishlayapmiz va o‘ylaymizki, bu biror nima yaratishning yaxshi usuli.

Tanqid va maqtov haqida. Biz haqimizda yoqimli xabar yozishganida kompaniya oldida chiqish qilib, "Bularning barchasiga ishonmang" deyish muhim. Biz haqimizda salbiy fikrlar yozishganida ham kompaniya xodimlariga "Bularning barchasiga ishonavermang" deyish muhim.

Bir xil kulrang futbolkalar va bema'ni qarorlar haqida. Men hamjamiyatimizda eng yaxshi xizmatni yo‘lga qo‘yishga doir qarorlarga joy bo‘shatish uchun hayotimni bema'ni qarorlardan tozalashni istayman. O‘ylashimcha, o‘z quvvatimning ma'lum qismini ahmoqona va yengil-yelpi narsalarga (masalan, kiyim tanlashga) sarflasam, o‘z ishimni yaxshi uddalay olmayman.

Startaplar nima qilishni qanday anglashi mumkinligi haqida. Mening fikrimcha, kompaniyaning o‘z diqqatini imkon qadar tezroq o‘qishga qaratishi prinsipial muhim ahamiyatga ega. Kompaniyalar - bu o‘rganayotgan organizmlar... Ko‘pincha kompaniyaning yaratilishi ilmiy poydevorga ega bo‘ladi. Siz ko‘plab turli gipotezalarni sinovdan o‘tkazasiz. Agar tajribalar muvaffaqiyatli o‘tsa, nima qilish kerakligi haqida aniq tasavvurga ega bo‘lasiz.

Foto: Getty Images

Kelajak haqida. Bizda yaqin 10 yillik reja bor. Biz hozir e'tibor berayotgan uch katta o‘zgarishni ko‘rishni xohlaymiz. Ularning birinchisi - bu aloqa, Yerdagi har bir odamning internetdan foydalana olish imkoni. Bugungi kunda Yer yuzi aholisining yarmidan ko‘prog‘ida bunday imkon mavjud emas... Agar biz ko‘p global muammolarni hal qilishni istasak, ularni bir guruh insonlargina hal qila olmasligini anglab yetishimiz kerak. Ularni birgalikda hal qilish kerak va bu jarayonda ishtirok etish uchun har bir insonga imkon berish kerak.

Keyingi muhim jihat - sun'iy intellekt. O‘ylashimcha, u turli sohalarda ko‘plab imkoniyatlarni ochadi. Biz insonlar uchun ahamiyatli kontentlarni namoyish qilish va siz haqiqatdan o‘zingiz istagan kishilar bilan muloqot qilayotganingizga ishonch hosil qilishingiz uchun Facebook'da undan foydalanamiz. Shunday bo‘lsa-da, bizning sun'iy intellektni qo‘llashimiz uning poydevorini yaxshilashga yordam beradi. Shu tufayli kasalliklarga yanada yaxshi tashxis qo‘yish, eng yaxshi dori-darmonlarni ishlab chiqish, haydovchisiz avtomobillarni yaratish, insonlar hayotini saqlovchi narsalarni o‘ylab topish mumkin bo‘ladi...

Uchinchi o‘zgarish - yangi yirik hisob-kitob platformasining yuzaga kelishi. Yangi platformalar har 10-15 yilda paydo bo‘ladi va odamlarga bunga qadar imkoni bo‘lmagan ishlarni bajarishda yordam beradi. 20 yil avval ko‘pchilik stol kompyuterlaridan foydalangan, ular ancha katta o‘lchamlarda bo‘lgan. Biz ulardan ish maqsadida foydalanganmiz, chunki ular ishlarni yanada samarali bajarishga yordam berardi. Biroq u paytlar odamlar komyuterlardan ko‘ngilochar maqsadlarda foydalanishmagan. Hozir bir-birimiz bilan muloqot qilishimiz uchun telefonlarimiz bor, bu qurilmalar inson ehtiyojlari uchun ko‘proq to‘g‘ri keladi. Biroq ulardan keyin yangi platforma paydo bo‘ladi va o‘ylashimcha, u virtual yoki to‘ldirilgan reallik bilan bog‘liq bo‘ladi. Bu esa odamlarga nisbatan ijodkorroq bo‘lishga va ularning nima his qilayotganini chuqurroq anglashga yordam beradi.

Foto: Getty Images

Qo‘rquv va tavakkal haqida. Agar siz hech narsa qilmayotgan va o‘zgartirmayotgan bo‘lsangiz, ko‘p narsa yo‘qotasiz... Eng katta tavakkal - umuman tavakkal qilmaslik.

Boshqalarni ergashtiruvchi orzular haqida. Facebook xodimlari boshqa kompaniyalar xodimlaridan biroz farq qilishadi, chunki bizni ijtimoiy missiya birlashtirib turadi. Har kuni ishga odamlarga doimiy aloqada qolish va ko‘proq ma'lumot bo‘lishish imkonini berish haqida o‘ylab kelamiz. Milliardlab kishilarda bir-biri bilan muloqot qilish va ular uchun muhim yangiliklar bilan bo‘lishish imkoni bo‘lishi kerak - boshqalarni ergashtiruvchi orzu degani shu emasmi, axir?

Mavzuga oid