Fan-texnika | 19:42 / 16.05.2017
9978
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar "so‘zlovchi qog‘oz"ni yaratishdi

Foto: nature.com

Michigan shtati universiteti (AQSh)ning olimlar guruhi mexanik tebranishlardan tovush chiqaruvchi tekis moslashuvchan material ishlab chiqdi. Olimlar uning yordamida "so‘zlovchi qog‘oz" yoki "kuylovchi folga" yaratishlari mumkin, deyiladi Nature Communication jurnalida chop etilgan maqolada. 

Ishlanma asosi 2016 yilning oxirida namoyish qilingan FENG elektr nanogeneratoridan iborat. Bu material mexanik energiyani tokka aylantirishga qodir. Olimlar FENG smartfonlar va portativ qurilmalar uchun quvvat manbai bo‘lishiga umid qilishgandi. 

Biroq bir qator tajribalardan keyin bu materialning boshqa xususiyati aniqlandi. Shunday qilib, mutaxassislar elektr energiyasini mexanik tebranmalarga aylantirishga, shundan so‘ng akustik to‘lqinlarni yozishga muvaffaq bo‘lishdi. 

"Tasavvur qiling, gazeta sahifasi ham mikrofon, ham dinamik bo‘lsa. Umuman olganda, nutqqa reaksiya bildiruvchi va o‘quvchi bilan suhbatlashuvchi yangi ishlanma yaratish mumkin", - deydi tadqiqotning yetakchi muallifi Nelson Sepulveda.

Sepulveda texnologiyani namoyish qilish uchun FENG'ni bayroqqa uladi va shu tariqa uni "notiq"qa aylantirdi. Shuningdek u materialdan shovqin tovushini bostiruvchi, xavfdan ogohlantiruvchi tizim va boshqa maqsadlarda foydalanishni taklif qilmoqda.

Mavzuga oid