Jamiyat | 19:00 / 20.05.2017
25272
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada soxta tabib bir yigitning umriga zomin bo‘ldi

Oliy ma'lumotli, nafaqadagi Erali Sheraliyev qonun talablarini juda yaxshi bila turib, litsenziya olmasdan, o‘rta-maxsus ma'lumotli turmush o‘rtog‘i Rahimaxon Rahimova bilan hovli uyida, tibbiy talablarga mutlaqo javob bermaydigan sharoitlarda davo istab kelgan bemorlarga tashxis qo‘yish, qo‘lbola usulda tayyorlangan malham va damlamalar yordamida noan'anaviy muolajalar qilishni yo‘lga qo‘yadi, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

Xonaki “tabib”lar teri kasalligidan shikoyat qilib kelgan, aslida “allergik dermatit” kasalligiga chalingan bemor yigit noto‘g‘ri tashxis qo‘yib, zamonaviy tibbiyotda qo‘llanilmaydigan va bemordagi kasallikka nomutanosib bo‘lgan usullarda davolashga kirishishadi. Qo‘lbola usulda cho‘chqa yog‘iga mo‘miyo qorishtirib, tayyorlangan malhamni badaniga surtishadi hamda tibbiy talablarga javob bermaydigan uy sharoitida, kun issig‘ida, sellofan klyonkaga o‘ralgan holatda besh-olti soat ochiq havoga yotqizib qo‘yish “usuli” bilan besh kun mobaynida “davolashadi”. Biroq, ko‘r-ko‘rona noan'anaviy muolaja aks ta'sir etib, bir necha kundan so‘ng bemor yigit vafot etadi.

Sud tibbiy ekspertizasining qaydiga ko‘ra, E.Sheraliyev tomonidan qo‘llanilgan muolajalar bemorda markaziy nerv tizimi, qon aylanishi, nafas va modda almashinuvining og‘ir buzilishiga, bosh miya shishishiga olib kelgan. Bemor o‘z vaqtida tibbiy muassasaga yotqizilib, malakali davolash muolajalari olib borilganida, hayotini saqlab qolish mumkin edi.

Sud majlisida “tabib” va uning “hamshirasi”ga tegishli jazo tayinlandi. Biroq amnistiya to‘g‘risidagi qaror bilan ular jazodan ozod etildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid