Jamiyat | 18:31 / 22.05.2017
11260
4 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada firibgar ushlandi

Illyustrativ foto

Tanishi Ahmadjonning (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) tomorqa olish ilinjida yurgani qirq to‘rt yoshga kirgan Bahrom Xoltojiyevning qulog‘iga chalindi-yu, ko‘chasidagi bo‘sh turgan o‘n sotix yer maydonini pullash rejasi tug‘ildi. “Pul zarur bo‘lib qoldi, tomorqamni sotmoqchiman”, deya Ahmadjonga o‘sha yerni ko‘rsatdi. U bilan savdolashib, 3750 AQSh dollariga sotishga rozi bo‘ldi. Sobiq shirkat xo‘jaligining bosh hisobchisi O.Abdusattorovni “yo‘lga solib”, shirkat xo‘jaligining soxta qarorini tayyorladi. Qarorni Ahmadjonga berib, undan olgan pulni bemalol sarflab yubordi. Chuv tushgan A.Nazarov pulini qaytarib berishni talab qildi. “Ustamon” esa “Ana beraman, mana beraman”, deya uni laqillatib yuraverdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Qo‘shni qishloq ko‘chasida B.Xoltojiyevning ko‘zi qarovsiz, eski avtobusga tushdi. “Ehtiyot qismlari “GAZ 53” yuk mashinasi bilan bir xil. Maydalab sotib, yaxshigina daromad topsa bo‘ladi”, deya xayolidan o‘tkazdi. Tanishi, yuk mashinasi haydovchisi Bahriddin bilan telefonda bog‘landi. U, “Ha to‘g‘ri, zapchastlari bir xil, xaridorgir”, degach, B.Xoltojiyev o‘sha yerda turgan yigitni gapga soldi. “KAVZ” rusumli eskirgan, turib qolgan avtobus Farg‘ona shahrida yashovchi E.Sattorovga qarashli ekanligini surishtirib bildi. Uning telefon raqamini so‘rab olib, qo‘ng‘iroq qildi. Avtobusni sotishni so‘ragan edi, u rozi bo‘ldi. Shundan keyin B.Xoltojiyev haydovchi o‘rtog‘i Bahriddin bilan E.Sattorovning uyiga bordi. Uni avrab, avtobusni 6 mln. so‘mga sotishga ko‘ndirdi. “Pulini ikki oy ichida keltirib beraman”, deb ishontirdi. Kelasi kuni qo‘shni qishloqdagi avtobusni o‘rtog‘ining “GAZ-53” rusumli yuk mashinasida shatakka olib ketdi. B.Xoltojiyev avtobus ehtiyot qismlarga ajratib, Qumtepa bozorida pullab yubordi. Ammo egasiga pulini bermadi.

Jabrlanuvchilar B.Xoltojiyevning firiblari haqida tegishli joyga ariza bilan murojaat qilishdi. Tergov jarayonida firibgar aybiga to‘liq iqror bo‘ldi. E.Sattorovdan kechirim, suddan yetkazgan zarar o‘rnini qoplash uchun imkon berishni so‘radi.

Sud B.Xoltojiyev o‘ziga tegishli bo‘lmagan o‘n sotix yerni jabrlanuvchi A.Nazarovga aldab sotib, unga yetkazgan 10 mln. 225 ming so‘m zararni to‘liq qoplaganini, muqaddam sudlanmaganini, uch nafar farzandi borligini, qilmishidan astoydil pushaymonligini inobatga oldi. Avtobus egasi – jabrlanuvchi E.Sattorovga 6 mln. so‘m undirgan holda sudlanuvchiga 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosini tayinladi. Sud amnistiya qaroriga asosan tayinlangan axloq tuzatish ishlari jazosidan ozod qilish haqida hukm chiqardi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid