Jahon | 09:07 / 23.05.2017
13666
2 daqiqa o‘qiladi

Filippin prezidenti Rossiyaga keldi

Foto: RIA

Filippin prezidenti Rodrigo Duterte dushanba, 22 may kuni rasmiy tashrif bilan Moskvaga keldi. Uni Vnukovo-2 aeroportida RF TIV rahbari o‘rinbosari Igor Morgulov va ikki davlat vakillari kutib olishdi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.

Duterte 22-26 may kunlari Rossiyada bo‘ladi. Filippin TIVning xabariga ko‘ra, prezidentning Rossiyaga tashrifidan maqsadi ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashdan iboratdir. 

Filippin yetakchisi Rodrigo Dutertening Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvi 25 may kuni bo‘lib o‘tadi, deb  xabar qilmoqda Kreml ma'muriyati matbuot xizmati. "Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va rivojlantirish istiqbollari rejalashtirilmoqda", — deyiladi matbuot xizmati xabarida. Tashrif yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qilinadi, qator ikki tomonlama hujjatlar imzolanadi. 

Bundan tashqari, uchrashuv davomida xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashiladi, bunda asosiy e'tibor Osiyo-Tinch okeani mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni ta'minlashga qaratiladi. 

Avvalroq, Filippin mudofaa vaziri Delfin Lorenzana rossiyalik hamkasbi Sergey Shoygu bilan uchrashuvida Filippin va Rossiya Duterte tashrifi chog‘ida mudofaa sohasida hamkorlik kelishuvini imzolashini bildirgan edi. Dutertening o‘zi ham RFga tashrifi oldidan rossiyalik OAVga bergan intervyusida xavfsizlik va mudofaa masalalari markaziy mavzu bo‘lishini aytgan edi. Filippin yetakchisi, xususan, RF qurol-yarog‘lari yetkazib berilishiga umid qilmoqda. 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Filippin rahbari Rodrigo Duterte bilan Peruda bo‘lib o‘tgan OTIH sammitida uchrashgan va Rossiyaga taklif qilgan edi. 

Mavzuga oid