Jamiyat | 22:39 / 23.05.2017
15200
4 daqiqa o‘qiladi

Olimlar chili garmdorisi odamlarni ozishga majbur qilishini aniqladilar

Foto: edaplus.info

Ikki yil avval ochilgan, chili garmdorisining "yog‘larni erituvchi" xususiyati uning tarkibidagi moddalar ichak mikroflorasidagi bakteriyalarning o‘zini tutishi va odam organizmidagi yallig‘lanishlar manbalariga ta'sir qilishi bilan bog‘liq ekan. Bu haqda mBio jurnalida chop etilgan maqolada ma'lum qilindi.

"Chili garmdorisi dunyoda borgan sari ommalashmoqda va yaqinda bizning hamkasblar uni iste'mol qilish semizlikdan va u bilan bog‘liq muammolardan, jumladan glyukoza metabolizmi buzilishlaridan xalos bo‘lishga yordam berishini aniqladilar. Hech kim garmdori qanday ta'sir qilishini bilmagandi", deb aytdi Xitoyning Chuntsinidagi uchinchi harbiy tibbiyot universiteti xodimi Chao Kan.
 
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, o‘tgan asrning 80-yillaridan boshlab semizlikning global epidemiyasi kuzatilmoqda. O‘tgan yili sayyoramizning har uchinchi vakili, ya'ni umumiy hisobda 1,9 mlrd odam ortiqcha vazndan, taxminan 15 foizi uning og‘ir shakllaridan aziyat chekkan. Tashkilot ma'lumotlariga ko‘ra, 47 foiz kasalliklar, misol uchun, yurak-tomir kasalliklari, qand kasalligi va saraton semizlik bilan bog‘langan.      

Ikki yil avval amerikalik olimlar chili garmdorisini yoki uning asosiy ta'sir qiluvchi moddasi kapsaitsinni iste'mol qilish sichqonlarni yuqori kaloriyali yoki yog‘li ovqatlar iste'mol qilishga deyarli ta'sirsiz qilganini tasodifan aniqlashgan. Bu molekulalarni tanish uchun javobgar retseptorlar blokirovkasi chili garmdorisini uning "mo‘'jizaviy" xususiyatlaridan mahrum qilgan. Bu xususiyatlarning tabiati noma'lum bo‘lib qolgan.

Kan va uning hamkasblari kapsaitsin qo‘shilgan yog‘li ovqat hamda u qo‘shilmagan yuqori qaloriyali ovqat bilan boqilgan bir necha o‘nlab sichqonning organizmi va ichagi ishida nima o‘zgarishini kuzatib bu savolga javob topdilar.

Bu kuzatuvlar bir nechta antiqa holatlarni oshkor qildi – chili garmdorisini iste'mol qilish yog‘li ovqat yeydigan sichqonlar tanasida tez-tez yuzaga keladigan yallig‘lanishlar darajasini pasaytirgan, bakteriyalarning ichak devorlariga yopishishiga qarshilik qilgan va ularga uning tashqi qatlamlari ichiga kirishga yo‘l bermagan. Bundan tashqari, u ichakning surunkali kasalliklari va immunologik ko‘rinishdagi boshqa muammolarning rivojlanishi bilan bog‘liq retseptorlari ishini susaytirgan. 

Buning evaziga kapsaitsin iste'mol qiluvchi sichqonning qoni va boshqa a'zolarida tanada to‘planishi odatda yallig‘lanishni yuzaga keltiruvchi bakterial hujayra devorlari "bo‘laklari" kamroq to‘plangan. Olimlarning fikricha, bularning barchasi sichqonlar tanasi kaloriyalarni yog‘ qatlamlarida to‘plamay, ularni "yoqishiga" ko‘mak bergan. 

Bularning barchasiga esa kapsaitsin odatda semiz odamlar va hayvonlarning ichagida yetakchilik qiladigan mikroblarning ko‘payishiga yo‘l bermagani sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, u mikrofloraning ichak devorlarini mustahkamlovchi moy kislota va uning hosilalarini ishlab chiqaruvchi foydali elementlari faoliyatini susaytirishga imkon bermagan. 

Kanning aytishicha, bu chili garmdorisi bilan davolash haqiqatda semizlikda yordam berishi hamda kapsaitsin va unga o‘xshash dorilardan ortiqcha vazn epidemiyasiga qarshi kurashishda foydalanish mumkinligini isbotlaydi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid