Sport | 15:45 / 24.05.2017
14409
8 daqiqa o‘qiladi

O‘rtada YeChL yo‘llanmasi. Yevropa ligasi finali haqida

Foto: Twitter/@UefaLeguage

Bugun Shvetsiyaning Stokholm shahrida Yevropa Ligasining bu mavsumdagi so‘nggi hal qiluvchi uchrashuvi — final bo‘lib o‘tadi. Unda Niderlandiyaning «Ayaks» jamoasi Angliyaning «Manchester Yunayted» klubi bilan kuch sinashadi. Tribuna.Uz haftaning eng muhim uchrashuviga batafsil to‘xtalib o‘tadi.

Yevropa ligasi. Final
«Ayaks» - «Manchester Yunayted» (24 may, 23:45, UzReport, Match TV, Match! Futbol 1)


O‘yin oldidan

«Ayaks»

«Ayaks» bu mavsumda Niderlandiya chempionligini «Feyyenoord»ga boy berib qo‘ydi. Jamoa aprel oyining so‘nggida PSVga imkoniyatni boy bergach, uzil-kesil bu umiddan ayrilgandi. Endilikda jamoa bor-e'tiborini yevrokuboklardagi g‘alabaga qaratgan.

«Manchester Yunayted»

Joze Mourino bundan bir necha yil oldin ta'kidlagan fikridan qaytishga majbur. O‘shanda Yevropa Ligasidagi g‘alabani o‘zi uchun or deb bilgan mutaxassis bugun faqatgina shu musobaqa orqali YeChL yo‘llanmasiga ega chiqishi mumkin. APL so‘nggi turi oldidan beshta uchrashuvda g‘alaba qozona olmagan jamoa 6-o‘rinni egallashi aniq bo‘lib ulgurgandi. O‘tgan haftada final oldidan so‘nggi tur uchrashuvda «Kristal Pelas» mag‘lubiyatga uchratildi. Ammo bu jamoa uchun hech narsani o‘zgartirgani yo‘q. Mourino YeChLda ishtirok etishi uchun bugungi finalni yutishi shart.

Finalgacha bosib o‘tilgan yo‘l
«Ayaks»

Niderlandlar uchun yevromavsum uzoq yozda boshlangandi. Yevropa chempionlar ligasi 3-saralash bosqichida jamoa Gretsiyaning «PAOK» klubi ikki o‘yin natijasiga (1:1, 2:1) ko‘ra mag‘lub etib pley-offga chiqqan, biroq pley-offda kutilmaganda «Rostov»ga imkoniyat boy berilgandi (1:1, 1:4).

Shundan so‘ng «Ayaks» Yevropa Ligasi guruh bosqichiga yo‘l olgan va bu yerda 14 ochko bilan guruhda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgandi (to‘plar nisbati 11:6). Jamoaga guruhda Belgiyaning «Standard» (1:0, 1:1), Gretsiyaning «Panatinaikos» (2:0, 2:1) va Ispaniyaning «Selta» (2:2, 3:2) klublari ro‘baro‘ kelgandi. Bahorgi turni (1/16 final) «Ayaks» qiyinchilik bilan boshladi. Polshaning «Legiya» klubi 0:0, 1:0 hisoblarida mag‘lub etildi. Nimchorak finalda Daniyaning «Kopenhagen» klubiga mehmonda 1:2 hisobida yutqazgan jamoa, o‘z uyida 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Chorak finaldan haqiqiy qiyinchiliklar boshlandi. Bu bosqichdan «Ayaks» faqatgina qo‘shimcha bo‘limlardagi gollar evaziga keyingi bosqichga chiqdi. «Shalke»ni uyda 2:0 hisobida yenggan jamoa, mehmonda 90 daqiqalik futbolda xuddi shunday hisobda mag‘lub bo‘ldi. Bir kishi kam bo‘lib qolgan niderlandlar to‘rtinchi bo‘lim so‘nggida 0:3 farqini 2:3ga tushirishga muvaffaq bo‘ldi va yarim finalga yo‘llanma oldi. Yarim finalda esa Peter Bosning yosh jamoasi «Lion»ni o‘z uyida 4:1 hisobida mag‘lub etib, mehmonda 1:3 hisobida yutqazdi. Bu jamoaning finalga chiqishi uchun yetarli bo‘ldi va natijada «Ayaks» 1996 yildan buyon ilk marta yevrokuboklar finalida ishtirok etadigan bo‘ldi.

Ushbu mavsumda «Ayaks» jami bo‘lib yevrokuboklarda 18 uchrashuv o‘tkazib, 9 g‘alaba, 5 durang va 4 mag‘lubiyat qayd etdi. To‘plar nisbati — 27:21.

«Manchester Yunayted» musobaqani guruh bosqichidan boshlab, 12 ochko to‘pladi (to‘plar nisbati — 12:4) va o‘z guruhida 2 o‘rinni egalladi. Jamoaga guruhda Niderlandiyaning «Feyyenoord» (0:1, 4:0), Ukrainaning «Zarya» (1:0, 2:0) va Turkiyaning «Fenerbahche» (4:1, 1:2) klublari ro‘baro‘ kelgandi.

Pley-offni inglizlar «Sent-Eten» ustidan qozonilgan ishonchli g‘alaba (3:0, 1:0) boshladi. 1/8 finalda Rossiyaning «Rostov» klubi mag‘lub etildi — 1:1, 1:0. Chorak finalda faqatgina qo‘shimcha daqiqalarda «Anderlext»dan ustun kelindi. Ikkala o‘yinda ham asosiy vaqt bir xil 1:1 hisobi bilan tugagandi (Manchesterda qo‘shimcha bo‘lim natijasida 2:1, g‘alaba). Yarim finalda esa «Selta» mag‘lub etildi. Mehmonda 1:0 g‘alaba, o‘z uyida 1:1, durang. So‘nggi daqiqalarda mana shu durang ham ushlab qolinmasligi, bugun finalda «Selta» haqida gapirib o‘tirgan bo‘lishimiz mumkin edi, agar Yon Gvidetti to‘pni tepishni eplay olganida...

Mourino shogirdlari bu mavsum yevrokuboklarda jami 14 uchrashuv o‘tkazib, 8 g‘alabaga erishdi, 4 durang, ikki mag‘lubiyat. To‘plar nisbati — 22:8.

O‘zaro uchrashuvlar tarixi
Ikkala jamoa shu kunga qadar to‘rt marotaba ro‘baro‘ kelgan. To‘rtta uchrashuv ham hozirgi Yevropa Ligasi musobaqasida kuzatilgan. Dastlab 1976 yil o‘sha paytda UYeFA kubogi nomini olgan musobaqada ikki jamoa uchrashgan bo‘lsa, so‘nggi to‘qnashuv 2012 yilgi 1/16 final bosqichidagi uchrashuv bo‘lgan. 4 uchrashuvda 2 uchrashuvda «Ayaks» g‘alaba qozongan bo‘lsa, 2 uchrashuvda «MYu»ning qo‘li baland kelgan. Ammo ikkala to‘qnashuv ham pley-off bosqich bo‘lgan ikkala holatda ham «Manchester Yunayted» keyingi bosqichga yo‘llanma olgan.

O‘yinoldi qiziqarli faktlar
— Uchrashuv Manchesterdagi teraktlar sabab bir daqiqalik sukut bilan boshlanadi;
— «Ayaks» uchrashuvda o‘rtacha 22 yoshli tarkib bilan tushishi kutilmoqda. Bu yevrokubok finallari tarixida rekord bo‘lishi mumkin;
— «MYu» yevrokuboklardagi so‘nggi 10ta uchrashuvdan buyon mag‘lubiyatga (7 g‘alaba, 3 durang) uchramayapti;
— Ikki jamoa tarkibida ham o‘tgan bosqichda qizil kartochka olib o‘yinni o‘tkazib yuboradigan futbolchilar bor.

Yo‘qotishlar
«Ayaks» tarkibida Virgever «Lion»ga qarshi uchrashuvda olgan qizil kartochkasi sabab, maydonga tusha olmaydi. Shuningdek Sinkgraven tizzasidan jarohat olib, bu uchrashuvda ishtirok eta olmaydigan bo‘lgan.

«Manchester Yunayted» tarkibida Erik Bayi «Selta»ga qarshi javob o‘yinidagi qizil kartochka sabab diskvalifikatsiya qilingan. Jarohati sabab esa Lyuk Shou (to‘pig‘), Markos Roxo (tizza, xochsimon payi) Zlatan Ibrahimovich (tizza, xochsimon payi) va Eshli Yangi (tizzaosti) maydonga tusha olmaydi.

Taxminiy tarkiblar

«Ayaks»: Onana, Veltman, De Ligt, Sanches, Ridevald, Klaassen, Shyone, Ziyosh, Traore, Dolberg, Yunes.

«Manchester Yunayted»: Romero, Valensiya, Jons, Blind, Darmian, Fellayni, Errera, Pogba, Mxitaryan, Lingard, Reshford.

Azamat Murodov
Tayyorlagan Azamat Murodov
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid