Xorazmda “Paynet” shoxobchasini “tozalab” ketgan yigitlar ushlandi
Rinat hamda uning jinoiy sheriklari – Vladislav Ni, Sergey Tyan, Aziz Matyaqubov va Ruslan Ogay tungi soat uch yarimlargacha Urganch shahri ko‘chalarida sang‘ib yura-yura Xonqa ko‘chasidagi “Paynet” shoxobchasi oldiga kelib qolishdi, deb yozadi “Postda” gazetasi.
- Bolalar, ana mo‘may daromad! – dedi Rinat do‘stlarining diqqat-eʼtiborini o‘ziga qaratib.
- Qani, qayerda? – yon-atrofga olazarak ko‘z tashladi yigitlar.
- Mana, ro‘parangizda turibdi!
- “Paynet”ni aytyapsanmi? – so‘radi Ruslan ajablangancha.
- Ha, - dedi Rinat o‘ylab ham o‘tirmay. – Atrofda hech kim yo‘q. Shundan foydalanib “tozalab” ketamiz. Qarabsizki...
- Bu fikringga qo‘shilmayman. Qilmishimiz fosh bo‘lsa, qamalamiz.
Boshqa yigitlar ham Ruslanning gapini ma'qullashdi.
- Chumchuq “pir” etsa, yuraklaring “shir” etarkan-da! – deya miyig‘ida kuldi Rinat. – Atrofga qaranglar, hech zog‘ yo‘q, nimadan qo‘rqasanlar. Gapni cho‘zmasdan atrofni diqqat bilan kuzatib turinglar. Men bir zumda “o‘lja”ni qo‘lga kiritaman, o‘rtada “arra” bo‘ladi, kelishdikmi?!
Shayton fe'liga kirgan yigitlar mo‘maygina daromadni eshitib, rozi bo‘lishdi va atrofni kuzata boshlashdi. Rinat esa “Paynet” shoxobchasining orqasiga o‘tib, plastikdan yasalgan pastki devorga bir tepdi-da, ichkariga kirgudek teshik hosil qildi. So‘ng ichkariga kirib, stol ustida turgan kompyuterni Ruslanga uzatdi. Stol tortmasidagi internet modemi, 12 dona internet kartochkasi va 46 ming so‘m pulni shoshilgancha cho‘ntagiga soldi. Shu payt atrofni kuzatib turgan sheriklaridan biri kimdir kelayotganini aytib qoldi. Ular bir zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi.
Ko‘p o‘tmay Xonqa ko‘chasi bo‘ylab xizmat vazifasini o‘tayotgan viloyat IIB PPX va JTSB PPX bataloni 1-otryad militsionerlari – safdorlar Sarvarbek Sotliqov va Sanjarbek Bekchonov ularga ro‘baro‘ kelib qoldi. Osoyishtalik posbonlariga ko‘zi tushgan yigitlar orqasiga qaramay qocha boshladi. Ko‘p o‘tmay ulardan biri qo‘lga olindi va shahar IIBga olib kelindi. Dastlabki surishtiruvdayoq u jinoiy sheriklarining kimligini, qayerda yashashini, o‘g‘irlik sodir etilgan joyning manzilini aytib berdi. Ko‘p o‘tmay uning hamtovoqlari ham qo‘lga olindi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudi jinoiy guruh faoliyatini ko‘rib chiqdi va ularni qilmishiga yarasha javobgarlikka tortish haqida hukm chiqardi.
Mavzuga oid
20:29 / 22.11.2024
Xorazmga 2025 yilda 1,5 milliard dollar investitsiya jalb etish rejalashtirildi
10:00 / 21.11.2024
Paynet AJ BMTning Orol tubini ko‘kalamzorlashtirish dasturida ishtirok etmoqda
18:04 / 18.11.2024
Urganch shahriga 50 ta zamonaviy avtobus keltirildi
12:07 / 09.11.2024