Sport | 18:55 / 25.05.2017
6128
2 daqiqa o‘qiladi

Imperatorning taxtdan ketishi. Totti faoliyatidagi so‘nggi uchrashuv haqida axborot berdi

«Roma» hujumchisi va sardori Franchesko Totti o‘zining «tvitter»dagi sahifasida joriy mavsumdan so‘ng futbolchilik faoliyatini yakunlashini tasdiqladi.

Natijada Italiya A seriyasining «Jyenoa»ga qarshi 28 may kuni bo‘lib o‘tadigan uchrashuv 40 yoshli hujumchi uchun futbolchilik faoliyatidagi so‘nggisi bo‘ladi.

«Bu rang men uchun nimani anglatishi, anglatgani va keyinchalik nimani anglatishini bir so‘z bilan tushuntirib bera olmayman. Har doim shunday bo‘lib qoladi. 

Futbolga bo‘lgan muhabbatim tuganmas ekanini his qilmoqdaman. Bu ulkan hayajon, mening hayajonim. U shu qadar kuchliki, uning tugashi haqida hech qachon o‘ylay olmaydigan darajada… Dushanbadan boshlab yangi chaqiruvlarga tayyorman», — deb yozgan Totti.

Totti «Roma» tarbiyalanuvchisi sanaladi. 1993 yildan buyon jamoa tarkibida to‘p surgan futbolchi hisobida 782 uchrashuvda kiritilgan 306ta gol va 123ta golli uzatma mavjud.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq rimliklar sport direktori Monchi Totti 2016/17 yilgi mavsumdan so‘ng butsalarini mixga ilishini ta'akidlagandi. Kelgusida u «Roma» texnik direktori lavozimida faoliyat olib boradi. Rimliklar bilan yangi funksiyadagi shartnoma 6 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, Totti yiliga 600 ming yevro miqdorida maosh oladi.

Mavzuga oid