Sahrodagi terakt: Misrda o‘nlab ziyoratchilar hujum qurboniga aylandi
Misrda xristian ziyoratchilarning ikki avtobusi portlatilishi oqibatida kamida 26 kishi halok bo‘lib, 26 kishi jarohatlandi. Jarohatlanganlarning ko‘pchiligi og‘ir ahvolda qolmoqda. Ba'zi manbalarga ko‘ra, qurbonlar soni 35 nafarga yetgan. qurbonlar orasida bolalar ham bor.
Bugun, 26 may kunining birinchi yarmida Al-Minya viloyati hududida Muqaddas Samuil monastiriga yo‘l olgan xristian-koptlarga ikki yo‘ltanlamas avtomobilda bo‘lgan kamida 10 jangari hujum qilgan. Bu hujum Misrda kamchilikni tashkil qiluvchi koptlarga qilingan navbatdagi yirik hujum bo‘ldi. Avtobuslardan birida 40 nafar bola bo‘lgan, ikkinchisida yoshi kattalar joylashgandi.
Hozircha bu hujum uchun hech bir guruh mas'uliyatni zimmasiga olmadi.
Ayni vaqtda hodisa hududi o‘rab olingan, hujum qiluvchilar qidirilmoqda.
Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy ushbu hodisa tufayli mamlakat milliy xavfsizlik xizmatining shoshilinch yig‘ilishini chaqirdi.
Misrda 9 millionga yaqin xristian yashaydi. Ularning aksari kopt mahzabida. Bu toifa oxirgi vaqtlarda ko‘p marta hujumga yo‘liqmoqda.
9 aprel kuni koptlarda seriyali hujumlar uyushtirilgandi. O‘shanda Tantdagi Muqaddas Georgiy va Aleksandriyadagi Muqaddas Mark cherkovlariga xudkush terrorchilar hujumlar qilgandi. Oqibatda 40dan ortiq kishi halok bo‘lib, 100dan ortiq kishi jarohatlangandi. Bu hujum uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga olgan.
2016 yilning dekabrida esa Qohiradagi koptlar soborida portlash ro‘y bergan, hujum oqibatida 22 kishi halok bo‘lib, 57 kishi jarohatlangandi.
Mavzuga oid
21:05 / 25.11.2024
Qizil dengizda ichida turistlar bo‘lgan kema cho‘kib ketdi
15:34 / 18.11.2024
Misr O‘zbekistonda qurilayotgan kimyo klasteri loyihasida ishtirok etmoqchi
13:38 / 08.11.2024
Misr Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk sohasiga investitsiya kiritmoqchi
10:53 / 07.11.2024