Xitoyda sobiq politsiya boshlig‘i korrupsiya uchun o‘lim jazosiga mahkum qilindi
Xitoyning Chjenchjou shahri o‘rta pog‘ona sudi Tyantszin shahrining Xalq siyosiy maslahatlashuv kengashi raisining sobiq o‘rinbosari, shaharning jamoat xavfsizligi boshqarmasi sobiq boshlig‘i U Chanshunni ijro etilishi ikki yil ortga suriladigan o‘lim jazosiga va shaxsiy mulkini musodara qilishga mahkum qildi. Sina axborot portalining ma'lum qilishicha, u umumiy qiymati 80 mln dollarlik korrupsiya jinoyatlarida aybdor deb topilgan.
Chiqarilgan hukmga ko‘ra, U Chanshun umrbod siyosiy huquqlardan mahrum qilindi. Agar ikki yil o‘tib, o‘lim jazosi umrbod qamoq jazosiga almashtirilsa, U Chanshunga chiqarilgan hukm o‘zgarishsiz qoladi va u shartli-muddatdan avval ozodlikka chiqish yuzasidan ariza bera olmaydi.
Sud ayblanuvchini davlat mablag‘larini o‘zlashtirish va sarflab yuborish, pora olish, o‘z manfaatlari yo‘lida qonunni pisand qilmaslik va o‘z xizmat vakolatidan shaxsiy maqsadlarda foydalanishda aybdor deb topdi.
Sud materiallariga ko‘ra, sudlanuvchi turli davlat lavozimlarini egallagan vaqtda o‘zining nazoratidagi kompaniyalar orqali 342 mln yuan (49,8 mln dollar) miqdoridagi davlat mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirgan. U, shuningdek, shaxsiy maqsadlarda 101 mln yuan (14,7 mln dollar) davlat mablag‘larini ishlatib yuborishda aybdor deb topildi. Bundan tashqari, Chanshun turli idoralar va boshqarmalardagi mutasaddi shaxslarga pora bergan.
Ta'kidlanishicha, U Chanshun tergov bilan faol hamkorlik qilgan hamda boshqa jinoyatlarning ochilishiga yordam bergan ko‘rsatmalar bergan. U sud zalida hukmga roziligini va sud qarori ustidan shikoyat qilish niyatida emasligini aytgan.
Mavzuga oid
19:53 / 10.09.2024
Korrupsiyaga qo‘l urgan 566 nafar shaxs davlat ishiga qaytadan kirib, yana korrupsiyaga qo‘l urgan
19:11 / 23.08.2024
Qozog‘istonda 10 million dollarlik «tushunarsiz boylik» davlatga qaytarildi
09:46 / 23.08.2024
Toshkentda korrupsiyaviy jinoyat sodir etgan mansabdorlar asosan qaysi idoralarda ishlagani aytildi
12:59 / 19.08.2024