Jamiyat | 15:32 / 27.05.2017
15768
9 daqiqa o‘qiladi

Ko‘zi ojizlar bosmaxonasi muammosini kim hal etadi?

O‘zbekiston mustaqillikka erishibdiki, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar ijtimoiy yo‘naltirilgan tarzda olib borilmoqda. Bunda aholining yordamga muhtoj qatlamlari hukumat e'tiboridan chetda qolayotgani yo‘q, aksincha jiddiy tarzda qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xususan, respublikada aholining ojiz qatlami, nogironlar muammolari bilan shug‘ullanish ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu qatlam orasida, albatta, ko‘zi ojizlar, ko‘ra olmaydiganlar alohida o‘rin tutadi.  Bugungi kunda O‘zbekistonda 12ta ko‘zi ojizlar uchun maktablar faoliyat yuritadi, unda 2 mingdan ortiq nogiron o‘quvchilar ta'lim oladi. Bundan tashqari, talabalar, 70 mingdan ortiq ko‘zi ojiz fuqarolar bor. Ularni birlashtirib turuvchi O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati faoliyat yuritadi. Jamiyat qoshida turli ishlab chiqarish birlashmalari mavjudligi ham hech kimga sir emas. 

Aholining ushbu qatlamining ta'lim olishi, ularning kitobga bo‘lgan ehtiyojlarini O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar bosmaxonasi ta'minlaydi. Ta'kidlash o‘rinliki, ushbu bosmaxonada malakali mutaxassislar faoliyat ko‘rsatadi. U MDHda bo‘lib o‘tgan 2-Kitob san'ati xalqaro tanlovida Qur'oni Karimning ko‘zi ojizlar uchun maxsus kitobini nashrdan chiqargani uchun 2-darajali diplom bilan taqdirlangan. 21-asrda dunyoda birinchi bo‘lib Qur'oni Karimning ko‘zi ojizlar uchun nusxasi nashr etilgani O‘zbekistonni dunyoga tanitishda yordam berdi. Kuvayt hukumati homiyligida nashr etilgan muqaddas Kitob nusxasi Angliya qirollik kutubxonasiga ham qo‘yilgan. Bundan tashqari, respublikada o‘tkaziladigan ijtimoiy jarayonlar, xususan, saylovlar chog‘ida Brayl yozuvidagi saylov byulletenlari ham ayni bosmaxonada ishlab chiqiladi.  

Ammo, may oyining oxirlarida ushbu nashriyot jiddiy muammoga duch keldi. Gap shundaki, hamma mashmasha Toshkent shahri hokimining 2017 yil 3 maydagi 543-sonli “Shahar Ichki ishlar bo‘limlarini joylashtirish to‘g‘risida”gi qaroridan so‘ng boshlandi. 

Shahar hokimi Rahmonbek Usmonov imzosi bilan chiqarilgan qarorning 2-moddasida “Tuman hokimliklari Binolardan foydalanish departamenti (F.Mirhaydarov) ilovaga muvofiq obektlarning balansda saqlovchilari bilan birgalikda obektlarni o‘rnatilgan tartibda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi balansiga operativ boshqarish huquqi asosida topshirilishi ta'minlansin” deyiladi. 

Ushbu qaror ilovasida Toshkent shahri IIBB balansiga o‘tkazilayotgan barcha binolar manzili, binoning to‘liq yoki qisman o‘tkazilishi bo‘yicha qayd etilgan bo‘lib, Shayxontohur tumanida Kirki ko‘chasi 32-uy manzili to‘lig‘icha ko‘rsatilgan. Aslida Shayxontohur tumani O‘zgarish ko‘chasi Kirki tor ko‘chasi 32-uy manzili qarorda o‘zgarib ketgani boshqa masala. Xullas, ilovaga muvofiq, mazkur manzildagi asosiy (2ta) va yordamchi binolar bo‘sh turgandek taassurot uyg‘otadi. Ya'ni unga ko‘ra, ayni nashriyot joylashgan hudud, undagi asosiy va yordamchi binolarda hech qanday tashkilot mavjud emas. Ilovada mazkur manzil bo‘yicha Ko‘zi ojizlar jamiyatining nashriyoti joylashgani qayd etilmagan. 

O‘zbekiston Respublikasi “Ko‘zi ojizlar” bosmaxonasi bosh muharriri Rixsivoy Abbosxonovga ko‘ra, buni ham qabul qilish mumkin. Biroq, 2017 yil 20 may kuni Shayxontohur tumani hokim o‘rinbosari 10 nafar ichki ishlar idoralari xodimlari bilan mazkur qaror ijrosi yuzasidan kelishganini aytgan. Eng qiziq tomoni nashriyot rahbariyati Toshkent shahar hokimining qaroridan o‘sha kuni Shayxontohur tumani hokimi o‘rinbosari vositasida xabardor bo‘lgan. Aniqroq aytilganda, qaror nusxasi nashriyotga avvalroq taqdim etilmagan. 

Shu sababli, nashriyot bosh muharriri O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining “1007” raqamli ishonch telefoniga og‘zaki murojaat qilib,  tuman hokimlik vakillarining ogohlantirmasdan kelganlari yetmaganidek, binoda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga ishlab chiqarishlarini boshqa joyga ko‘chirishda muddat taqdim etmagani, ijara shartnomasiga e'tibor bermagani yuzasidan shikoyat qilgan va ushbu mojaroda haq-nohaqni aniqlash yuzasidan amaliy yordam berishni so‘ragan.

Bosh prokuratura ishonch telefoni orqali qabul qilib olgan murojaatni Toshkent shahar prokuraturasiga, u esa o‘rganib chiqish uchun Shayxontohur tumani prokuraturasiga tushirgan. Bosmaxona va undagi tadbirkorlarni himoya qilishi kerak bo‘lgan tuman prokuraturasida bu masala bilan shug‘ullanish tuman prokurorining o‘rinbosariga yuklangani, u ushbu murojaatni o‘rganib chiqishni o‘z yordamchilariga topshirgani esa Abbosxonovning huquq idoralariga nisbatan hafsalasini pir qilgan. Prokuror yordamchilari bosmaxona bosh muharriridan muammo xususida to‘liq ma'lumot olishgan va ayni vaqtda u o‘rganish bosqichida. Abbosxonovning aytishicha, u yuqori turuvchi idora ustidan undan yuqoriroqdagi tashkilotga murojaat qilgan bo‘lsa-da, alaloqibat, mazkur muammo tuman darajasida ko‘rib chiqilayotganidan qoniqish hosil qilmagan. Chunki, “shahar hokimi buyrug‘ini hech bo‘lmaganda shahar prokuraturasi o‘rganib chiqishi kerak emasmi”, - deydi Abbosxonov.  

Achinarlisi shundaki, Abbosxonovga ko‘ra, nashriyotning ayni vaqtda ichki ishlar idoralari tomonidan ta'mirlash ishlari olib borilayotgan binosida 4 nafar tadbirkorlik sub'yekti (3ta mebel ishlab chiqarish, bitta poyabzal sexi) faoliyat ko‘rsatib kelgan. Ular bu binoda ijara shartnoma asosida faoliyat yuritishi barobarida ijara pullarini oldindan 6 oy va 1 yil muddatga to‘lab qo‘ygan bo‘lgan. Tuman hokimligi vakillari esa, hech qanday ogohlantirishsiz kelganlariga qaramay, shu kunning o‘zida tadbirkorlarni binodan chiqarib yuborib, ta'mirlash ishlarini boshlab yuborgan. Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, Kun.uz saytining muxbiri 26 may kuni bosmaxona hududiga borganida ta'mirlash ishlari maxsus ruxsatnomasiz olib borilayotganiga guvoh bo‘ldi.

Agar respublikadagi o‘z yo‘nalishida yagona bo‘lgan, nogironlar uchun maxsus matbaachilik korxonasi yopiladigan bo‘lsa, maqola boshida so‘z yuritganimiz 2 ming nogiron o‘quvchilarning ta'lim olishi, 70 ming ko‘zi ojiz fuqarolarning (ular ham O‘zbekiston fuqarolari axir) kitoblarga bo‘lgan ehtiyojlarini ta'minlash so‘roq ostida qoladi. Abbosxonovning so‘zlariga ko‘ra, aslida, nashriyotning hozirgi holati ham talabga javob bermaydi. Ya'ni bugungi kundagi uslubda ishlash bilan 15-18 nomdagi darsliklar bosmaxonadan chiqariladi. 

O‘zbekiston Respublikasi “Ko‘zi ojizlar” bosmaxonasi bosh muharriri Rixsivoy Abbosxonovning xavotir olishicha, Toshkent shahar hokim qarori bosmaxona borligi qayd etilmagan 32-uy Toshkent shahar IIBB balansiga o‘tkazilishi bilan keyinchalik ushbu bosmaxona faoliyati tugatilishiga asos bo‘lishi mumkinligidadir. 

“Oylab pensiya, maosh olmagan vaqtlarimiz ham bo‘ldi. Biroq, moddiy qiyinchiliklarga qaramay, o‘zimizga o‘xshagan ko‘zi ojiz nogiron aka-ukalarimiz, opa-singillarimizga ma'naviy ozuqa berish uchun shu yerda qolganmiz”, - deydi kuyunchaklik bilan o‘z sohasining mutaxassisi hisoblangan, ushbu dargohga 20 yildan ortiq mehnati singan, oddiy harf teruvchilikdan bosh muharrirlik lavozimigacha ko‘tarilgan Rixsivoy Abbosxonov. 

Tushunishimizcha, hokimiyat vakillari, ayniqsa, shahar hokimi Rahmonbek Usmonov, ushbu manzilda shunday bosmaxona borligidan xabardor bo‘lganida bu qarorga o‘zgartirish kiritgan bo‘lar edi. Chunki, yuqorida ta'kidlanganidek, ilovada Kirki ko‘chasi 32-uy manzilida biror tashkilot qayd etilmagani tushunmovchilikka olib kelgan ko‘rinadi. O‘ylaymizki, mutasaddi idoralar bu masalaga tez orada oydinlik kiritishadi. 

Kun.uz sayti tahririyati esa, ushbu mojaro tezda ijobiy hal etilishiga ishonib qoladi.

Tolib Raxmatov

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid