Jahon | 01:17 / 27.05.2017
12611
3 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston 2020 yilda Transafg‘on gaz quvuriga gaz uzatishni va'da qilmoqda

Tabiiy gaz zaxiralar bo‘yicha jahonda to‘rtinchi o‘rinni egallab turgan Turkmaniston 2020 yildan boshlab barpo etish ishlari 10 milliard AQSh dollariga tushadigan Transafg‘on gaz quvuri orqali gaz uzatishni va'da qilmoqda. Bu haqda konsorsium vakili chorshanba kuni ma'lum qilgan, deb xabar beradi Reuters. 

Turkmaniston 2015 yilning dekabridan boshlab Turkmaniston-Afg‘oniston-Pokiston-Hindiston (TAPH) gaz quvurining o‘ziga tegishli qismini barpo etib kelayotir.

«TAPH gaz quvuri 2019 yil oxiriga kelib, Afg‘oniston va Pokistonga tegishli bo‘laklar bitkazilgach, qurilishini yakunlash mo‘ljallanmoqda. 2020 yilning boshidan dastlabki gaz uzatiladi», — dedi xalqaro gaz kongressida TAPI konsorsiumi bosh ijrochi direktori Muhammadmurod Omonov.

TAPI pipeline Company Ltd konsorsiumining yetakchisi — Markaziy Osiyodagi eng yirik tabiiy gaz ishlab chiqaruvchisi «Turkmangaz» davlat konserni hisoblanadi. Konsortsium tarkibiga Afghan Gas Enterprise, Pokistonning Inter State Gas Systems (Private) Ltd va Hindistonning Gail (India) Ltd firmalari kiradi.

Tanqidchilarning fikricha, Afg‘onistondagi siyosiy beqarorlik loyihaga tahdid solishi mumkin, garchi Afg‘oniston tranzit uchun yiliga 1 mlrd. dollar foyda qilib tursa-da.

Afg‘oniston prezidenti vakili Ajmal Ahmadiyning konferensiyada aytishicha, uning mamlakati xavfsizlikni ta'minlash va ko‘zlangan yo‘nalishni minalardan tozalash borasidagi ishlarni olib bormoqda.

TAPHning tranzaktsion maslahatchisi — Osiyo tarqqiyot banki (OTB) mintaqadagi vaziyatdan qat'i nazar moliyalashtirish bilan bog‘liq muammolar yo‘qligini aytgan. «Yaxshi yangilik, shuki, pul har doim tayyor», — degan bank maslahatchisi Ching Chung Fong, potensial investorlar bilan o‘tkazilgan muzokaralarga asoslanib.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xarajatlarning katta qismini eksport-kredit agentliklari hisobidan, qolgan qismini esa — xalqaro taraqqiyot banklari va xususiy moliyaviy tuzilmalar hisobidan qoplash mumkin.

TAPH loyihasini nafaqat Turkmaniston hududida, shuningdek, Afg‘oniston va Pokistonda ham moliyalashtirish ishlarida Islom taraqqiyot bankidan tashqari, Saudiya rivojlantirish fondi va Yaponiya hukumati ham ishtirok etish istagini bildirib o‘tishgan.

TAPH gaz quvurining umumiy uzunligi 1.814 kilometrga teng bo‘ladi. Uning 214 kilometri Turkmaniston hududidan, 771 kilometri — Afg‘onistondan, 826 kilometri — Pokiston hududidan o‘tadi va Hindiston bilan chegaradagi Fozilka aholi punktidan chiqadi.

Jahondagi gaz zaxiralari bo‘yicha ikkinchi yirik kon hisoblanuvchi Qalqinish konidan boshlanuvchi gaz quvurining quvvati yiliga 33 milliard kub metr tabiiy gaz uzatish imkonini beradi. Uni ekspluatatsiya qilish muddati — 30 yilga teng.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid