Jamiyat | 15:20 / 30.05.2017
10254
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada “Vodiygazta'minot”ning firibgar xodimi qo‘lga olindi

Illyustrativ surat. Foto: O‘zA

Farg‘ona shahridagi Qirguli mavzesidan uy sotib olgan Sanobar opa (ismlar o‘zgartirilgan) uy yumushlari bilan band edi. Shu payt birdan eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi. U borib eshik ochdi, deb yozadi “Postda” gazetasi.

-  Assalomu alaykum! Men “Vodiygazta'minot” unitar korxonasi shahar bo‘limi xodimi Abrorjon Shukurovman, - dedi eshik qarshisida turgan yigit xizmat guvohnomasini ko‘rsatarkan. – Uyingizdagi gaz hisoblagichini ko‘rsam bo‘ladimi? 

Tekshirish natijasida uyda gaz hisoblagich o‘rnatilmaganini bilgan nazoratchi holat yuzasidan jarima solinishi haqida xonadon egasini ogohlantirdi. Sanobar opa bunga javoban:

-  Uka, uyni yaqindagina sotib olganman. Hali yashashga to‘liq tayyor bo‘lmagani sababli bu yerda yashamayman. Lekin gaz hisoblagich olib qo‘yganman, iloji bo‘lsa, o‘rnatib bersangiz, yaxshi bo‘lardi, - dedi.

Keyin ichkaridan gaz hisoblagich olib chiqib, nazoratchiga ko‘rsatdi.

-  Opa, bu hisoblagich standart normalariga to‘g‘ri kelmas ekan. O‘zimda zamonaviysi bor. 250 ming so‘m bersangiz, olib kelib o‘rnatib beraman.

-  Mayli uka, faqat hozir yonimda pulim kamroq edi-da...

-  Opajon, bundan arzonini bozordan ham topa olmaysiz? Men sizga o‘zimning xizmat haqimni aytmayapman haliyam. Bo‘ladigani 250 ming so‘m. Bo‘lmasa, jarimani yozib ketaveraman.

Shundan so‘ng soddadil uy bekasi nazoratchi aytgan pulni berishga majbur bo‘ldi.

Abror uch-to‘rt kun ichida gaz hisoblagich moslamasini olib kelib o‘zi o‘rnatib berishini aytib, chiqib ketdi.

Oradan bir necha kun o‘tdi, biroq nazoratchidan darak bo‘lmadi. Sanobar opa uni izlab “Vodiygazta'minot” unitar korxonasi shahar bo‘limiga bordi. Hamkasblari Abror tashqariga chiqib ketganini aytishdi. Shu kuni havo sovuq edi, kechgacha tashqarida uning kelishini kutdi, ammo...

Kunlarning birida Sanobar opa Abrorni tasodifan ko‘chada uchratdi va pullarini so‘radi. Shunda u ming bahonalar qilib, pulni tez kunda qaytarib berishini aytdi. Sanobar opa bu gal ham uning gaplariga ishondi. Abror firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan pulni allaqachon ishlatib yuborgan edi. Yana kunlar o‘tdi. Abrorning qorasi ham ko‘rinmadi.

Aldanganini bilgan Sanobar opaning sabr kosasi to‘ldi. Mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qildi.

Jabrlanuvchining arizasiga binoan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, firibgar qo‘lga olindi. Tergov jarayonida uning qilmishlari to‘la isbotlandi. Sud tomonidan tegishli jazo tayinlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid