Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Katta yo‘llarda yuk ortgan mashinalar harakati qachon tartibga olinadi?
Keyingi paytda O‘zbekistondagi katta trassalarda yuk mashinalariga haddan tashqari beso‘naqay, mashinaning gabaritidan ortiq qilib ortilgan yuklarga tez-tez ko‘zimiz tushadi.
Masalan, YPX maskaniga yaqinlashayotgan mana bu suratdagi mashina kabi:

«Xorazmning telpagidek» qilib yem-xashak ortilgan mashinalar Jizzaxdan Samarqand tomon tinimsiz qatnaydi. Tinimsiz! Bunday mashinalar Jizzaxning bitta va Samarqandning ikkita — jami uchta YPX postidan o‘tadi. Tushunamiz, yem-xashak kerak, chorvachilik, sut-qatiq... Lekin yo‘l harakati qoidalarini hech kim bekor qilgani yo‘q-ku?! O‘sha uchta postda kamidan 10 nafardan YPX noziri ishlasa kerak. Ulardan tashqari, trassa bo‘ylab yo‘llarda fotoradar bilan harakat xavfsizligini ta'minlayotgan YPX xodimlari ham bor. Ularning vazifasi yo‘llardagi harakat xavfsizligini ta'minlashmi yoki YHQdagi qaysidir bandlar buzilishiga ko‘z yumib turishmi? Soliq to‘lovchilarning to‘layotgan pullaridan maosh shuning uchun berilyaptimi ularga? Yo‘l harakati qoidalarining buzilishiga ko‘z yumishi uchunmi?
Samarqanddan Jizzax shahriga xizmat safari bilan borib kelgan chog‘imda suratlari e'lon qilinayotgan beshta mashina ro‘paramdan chiqdi. Boshqa viloyatlarda ahvol qanaqaligini aniq bilmayman, lekin Samarqand va Jizzaxda sobiq ittifoq davrida chiqqan, texnik jihatdan sozligi shubhali bo‘lgan YeNGIL (!) mashinalarda gabaritlari uzun bo‘lgan og‘ir qurilish materiallarini tashish ham odat tusiga kirgan.



Anavi qizil VAZ-21011 singari yuk tashishga moslashtirilgan, ustiga 6 metrdan ziyod armatura va profillar, taxta, turli quvurlar ortib ketayotgan «Moskvich», «Gaz-24, «Gaz-31» kabi juda eski yengil avtomashinalarni Samarqand shahrining istalgan ko‘chasida uchratishingiz mumkin. Axir bu qatnov jarayonida qatnashayotganlar uchun ochiqdan-ochiq tahdidni yuzaga keltiradi-ku?!
Masalan, O‘sha VAZ-21011ning tormozi to‘satdan qisib qoldi yoki “rulevoy shari” sinib ketdi, deylik. U ortib ketayotgan 6 metrlik shveler uning ketidan kelayotgan va to‘xtashga ulgurmagan boshqa bir mashinaning old oynasini teshib kirib, haydovchisi yoki yo‘lovchisining boshini majaqlab, o‘ldirsa nima bo‘ladi? Kim javobgar bo‘ladi?! Faqatgina haydovchimi?
Albatta, shunday yuklarni maxsus yuk mashinalarida tashisa ham bo‘ladi. Buning chiqimi biroz katta bo‘lishi ham rost, faqat biroz chiqimdan qochib, o‘zgalarning hayotini xavf ostiga qo‘yib, yuk tashish mumkin, degani emas-ku bu?
«Birovning tirikchiligi, bir ro‘zg‘orning tebratib turish uchun qilinayotgan mehnatni yozibdi muallif», deganlarga esa aslo toqat qila olmayman. Tirikchilik bilan boshqalarning hayotini xatarga qo‘yib shug‘ullanmaslik kerak.
Keling, ayrimlarga qonunchilikni eslatib qo‘yalik:
Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1251-moddasi: «Yuk tashish qoidalarini, shatakka olish qoidalarini buzish»ga ko‘ra:
Yuk tashish qoidalarini, xuddi shuningdek, shatakka olish qoidalarini buzish — eng kam ish haqining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Tegishli ruxsatnomasiz og‘ir vaznli, yirik gabaritli, xavfli yuklarni tashish va yuk bilan yoki yuksiz holdagi gabarit o‘lchamlari belgilangan normalardan ortiq bo‘lgan transport vositalarida yo‘lga chiqish, xuddi shuningdek, ruxsatnomada ko‘rsatilgan harakat yo‘nalishidan chetga chiqish — fuqarolarga eng kam ish haqining o‘n baravari miqdorida jarima solishga yoki transport vositasini boshqarish huquqidan olti oygacha mahrum etishga, yuk tashish uchun mas'ul bo‘lgan mansabdor shaxslarga esa — eng kam ish haqining o‘n besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, eng kam ish haqining 10 baravari 1 mln 497 500 so‘m bo‘ladi. YPX xodimlari shuni haydovchilarga yetkaza olganida — haydovchilar jarima summasi yaxshigina ekanligidan xabardor bo‘lib (chunki men haydovchilarimizning ushbu qoidabuzarlikning 1,5 mln so‘m jarimasi borligini bilishlariga shubha qilaman), qoidabuzarlikni bas qilib, yo‘llarimizda xavfsiz harakatlanish uchun o‘z hissalarini qo‘shgan bo‘lishardi.
IIV YHXBB tomonidan ijtimoiy roliklar ishlab chiqilib, barcha telekanallarda namoyish etilishi ham kerak. Yuklarni mana shunday holatda tashish qoidaga zid ekanligi, buning uchun 10 minimal ish haqi miqdorida jarima belgilangani bot-bot namoyish qilib turilsa, qoidabuzarlar ko‘chalardagi harakat jarayonining boshqa qatnashchilariga xalaqit bermaydigan bo‘lishadi.
Aks holda yo‘llarda bunday loqaydlik va boshboshdoqlik ortidan kelib chiqqan eng beozor holat mana shunday bo‘ladi:

Shuhrat Shokirjonov
Mavzuga oid
12:29 / 06.06.2026
Jizzaxda yuk mashinasi yonib ketdi
11:33 / 16.05.2026
Samarqanddagi YTHda ikkita yuk mashinasi yonib ketdi
08:45 / 15.05.2026
Farg‘onada yuk mashinasi g‘ildiraklaridan qariyb 20 kg narkotik topildi
10:54 / 18.12.2025