O‘zbekiston | 22:29 / 02.06.2017
12509
4 daqiqa o‘qiladi

Veterinariya sohasida yangi davlat qo‘mitasi tashkil etiladi

Veterinariya sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish, hayvonlarning sog‘lig‘ini saqlash bo‘yicha samarali ishlarni tashkil etish, davlat veterinariya nazoratini kuchaytirish va veterinariya servis sifatini oshirish, epizootik barqarorlikni va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta'minlash, ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan, hayvonlardan olinadigan raqobatdosh mahsulot va xomashyo ishlab chiqarish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, veterinariya xizmati tizimini yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Davlat veterinariya xizmati boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni qabul qildi.

Farmonda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi tashkil etilishi, uning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste'mol tovarlari masalalari kompleksi tarkibiga kirishi belgilab qo‘yildi.

Yangi qo‘mitaning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanishi ko‘rsatildi:

veterinariya sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, me'yoriy-huquqiy tartibga solishni ta'minlash, ushbu sohada davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtirish, veterinariya faoliyatini litsenziyalashni amalga oshirish;

veterinariya xizmatini yanada rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarini ishlab chiqish, mamlakatimiz hududlariga hayvonlarning yuqumli kasalliklari kirib kelishidan himoya qilishni ta'minlash, amaliyotga hayvonlarni davolashning va profilaktikasining zamonaviy usullarini joriy etish, mahalliy va xorijiy fan yutuqlarini tatbiq etish asosida veterinariya dori vositalarining yangi turlari va shakllarini ishlab chiqarish;

epizootik barqarorlikni ta'minlashda hayvonlarning yuqumli kasalliklarini o‘z vaqtida aniqlash, tashxis qo‘yish va tarqalishining oldini olishga doir profilaktik ishlarning samaradorligini monitoring qilish;
veterinariya to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishida davlat nazoratini ta'minlash, veterinariya sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish ishlarini sifatli va tizimli ravishda tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlarni o‘z vaqtida ishlab chiqish va amalga oshirish; hayvonlarni kasalliklardan himoya qilish, hayvonlardan olinadigan mahsulot va xomashyo xavfsizligini ta'minlashda idoraviy hamda ishlab chiqarish veterinariya xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish;

veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo‘shimchalarning sifati hamda muomalasi yuzasidan nazoratni amalga oshirish;

kadrlarni tizimli qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish, rahbar va mutaxassislarning ish uslubi va shakllarini takomillashtirish, shu jumladan, tizimga qarashli idoralar, yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli ijrosi bo‘yicha ularning mas'uliyatini oshirish;

veterinariya sohasida ilmiy, uslubiy va ta'lim salohiyatini har tomonlama rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishlarini belgilash, fundamental va amaliy tadqiqotlar, innovatsiya ishlanmalari natijalarini veterinariya amaliyotiga joriy etilishini muvofiqlashtirish;

xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda veterinariya xizmati faoliyatiga ilg‘or texnologiyalar va ish uslublarini joriy etish.

Davlat veterinariya qo‘mitasi zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarish uchun davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlik qilish mexanizmlari, shuningdek, hayvonlarni identifikatsiya qilish va ro‘yxatga olishning takomillashtirilgan tizimi ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid