Jamiyat | 09:52 / 05.06.2017
16536
5 daqiqa o‘qiladi

Qasoskor elektrik. Tverdagi ommaviy qotillik bo‘yicha yangi tafsilotlar ma'lum qilindi

Foto: RF Tergov qo‘mitasi

4 iyun kuni Rossiyaning Tver viloyatida o‘zini haqoratlangan his etgan erkak 9 kishini otib tashladi. Ommaviy qotillik Konakov tumanining Redkino posyolkasidagi maishiy mojaro oqibatida ro‘y berdi. Mojaro qatnashchilaridan biri dam olish uchun dala hovliga kelganlar oldiga kelib o‘zini xafa qilganlar va guvohlarni otib tashlagan.

RIA Novosti nashri qurbonlarning qo‘shnilariga asoslanib xabar qilishicha, kasbi elektrik bo‘lgan qotil uy egalari o‘zini ichimlik bilan mehmon qilishmaganidan xafa bo‘lgandi.

Kichik Redkino shahri Tverdan 20 km janubda, Moskvaga olib boruvchi trassa yoqasida joylashgan. Shaharda temir yo‘l bekati ham bo‘lib, bu joy katta shaharlar aholisini Redkinoga dam olish uchun kelishiga sharoit yaratadi. Redkinodagilar esa katta shaharlarga har kuni ishga borishadi.

Redkinoda bir necha bog‘dorchilik shirkatlari bo‘lib, hodisa ro‘y bergan "Oktyabrning 50 yilligi" shirkati ham shulardan biridir. Bu yerda yakshanba kuniga o‘tar kechasi qonli hodisa ro‘y berdi - mahalliy aholi vakili bo‘lgan 45 yoshli kishi, shirkatda elektrik bo‘lib ishlaydigan shaxs ov miltig‘idan 9 kishini otib tashladi. U professional qotillardek harakat qilgan, har bir qurbonini bitta o‘q bilan o‘ldirgan. Keyin ularning boshiga qo‘ndoq bilan tushirgan.

Mojaro shirkatning sobiq rahbari Tatyana Arxipovaning nabirasi tug‘ilgan kuni munosabati bilan uyushtirilgan ziyofat vaqtida ro‘y bergan. Ziyofatga taklif etilmagan mehmon - elektrik tashrif buyurgan. Uni mahalliy aholi juda yaxshi taniydi, uning o‘zi uzoq vaqt Moskvada yashagan, ammo ishsiz qolgach, qishloqqa qaytgan. Uni biroz oldin shirkatga elektrik sifatida yollashgandi. Ammo u bu ish bilan emas, asosan ichish bilan shug‘ullangan.

"Biz uni mast bo‘lmagan holda deyarli ko‘rmasdik. U hamisha qishloq bo‘ylab sang‘ib, ichishga joy qidirardi", degan mahalliy aholi vakillaridan biri.

U kirib kelganida Arxipova va mehmonlar uni chiqarib yuborishadi. 

Ranjitilgan elektrik o‘z mashinasida qo‘shni ko‘chadagi uyiga yo‘l oladi va 12 kalibrli "Sayga" karabini bilan qasos olish uchun qaytadi.

Bu vaqtda Arxipovaning ziyofati deyarli tamom bo‘lgan, mehmonlar tarqalishayotgandi. Ular yo‘lda shashlik pishirilayotgan Savelevlar dachasiga kirishadi. Davra maishatni davom ettiradi, ammo qurollangan elektrik bu yerga bostirib kiradi.

U qorong‘i bo‘lishiga qaramasdan hammani bittalab o‘ldira boshlaydi. Voqea joyidan qochib chiqqanlardan birini ta'qib etib, uni uyiga borib o‘ldiradi. Hodisa ro‘y bergan uy egasi 92 yoshli Vyacheslava Saveleva ham uning qurboniga aylanadi.

Elektrikning qurbonlari soni 9 nafar bo‘ldi - 4 ayol va 5 erkak. Qurbonlarning ba'zilari bir-birini tanimagan ham. Uyda bo‘lgan faqat bir kishi tirik qolgan - 21 yoshli xizmatchi qiz. U ko‘rpa ostiga yashirinib, politsiyaga qo‘ng‘iroq qiladi. Otishma ovozlarini eshitgan qo‘shnilar ham politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib bo‘lishgandi.

Qonxo‘rlikni bitirgach qotil qurbonlari tanalarini yig‘ishni boshlaydi. U ayollardan birining tanasini mashina yukxonasiga joylaydi. U endigina voqea joyini tark etmoqchi bo‘lganida politsiyachilar paydo bo‘lishadi. Qurbonlar yig‘ilgan joyda gazetalar va moy bo‘lgan. Bu esa u jasadlarni yoqib yuborish niyatida bo‘lgani haqida taxminlarni paydo qilgan.

Huquq-tartibot organlari xodimlari elektrikni qo‘lga olishgan, u barchasiga iqror bo‘lgan. Unga nisbatan RF JKning 105-moddasi 2 bandi "a" punkti bo‘yicha (Ikki va undan ortiq kishilar qotilligi) jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Ayni vaqtda tergov jarayoni davom etmoqda.

Mavzuga oid