Jahon | 12:33 / 08.06.2017
6042
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropada musulmonlarning terrorchilikka qarshi aksiyasi bo‘lib o‘tadi

Yevropaning terrorizmdan jabr ko‘rgan shaharlari, jumladan, Bryussel bo‘ylab 8-14 iyul kunlari musulmonlarning terrorizmga qarshi marshi bo‘lib o‘tadi, deb xabar berdi "Libr Beljik" gazetasi.

Fuqarolik jamiyati vakillari, madaniyat arboblari va imomlardan yuzlab kishilar ishtirok etadigan bu aksiyadan ko‘zlangan maqsad – qator terrorchilik hujumlaridan so‘ng paydo bo‘lgan ishonchsizlik tuyg‘usini yo‘qotish.

Yurish Parijda 8 iyul kuni start oladi. Shundan so‘ng uning ishtirokchilari avtobusda Berlinga kelishadi. Butun Yevropadan bo‘lgan imomlar, shuningdek, ko‘proq musulmonlar yashovchi mamlakatlar delegatsiyalari  Berlindagi Braytshaydplatsda 9 iyul kuni uchrashadi. Unda Germaniya kansleri Angela Merkel ham qatnashadi.

Imomlar 2016 yilning 19 dekabr kuni yuz bergan hamda shu yerdagi rojdestvo yarmarkasi paytida 12 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan terakt qurbonlari xotirasini yod etishadi.

Shundan so‘ng xristianlar, yahudiylar, Belgiyadagi siyosiy yo‘nalishlar vakillari Bryusselda 10 iyul kungi yurishda qatnashishadi. O‘tganlar uchun namoz Birja maydonida tongda o‘qiladi.

Keyin aksiya Londonda davom ettiriladi. Namoz avtomobil g‘ildiraklari ostida va terrorchilar pichoqlaridan insonlar halok bo‘lgan London ko‘prigida o‘qiladi.

Marsh Fransiyaning Sent-Eten-dyu-Ruvre shaharchasini ham chetda qoldirmaydi. U yerda 2016 yilning 26 iyul kuni ikki radikal ruhoniy Jak Amelni pichoqlab ketishgandi. Ruhoniy qabri ustidagi maxsus xotira marosimi 11 iyulga rejalashtirilgan.

U yerdan avtobus Parijga keladi hamda 12 iyul kuni aksiya qatnashchilari Vensen darvozalari (bu yerda kishilar garovga olinib, halok bo‘lgandi), Bataclan tomosha zali yonida (2015 yilning 13 noyabr qonli voqealari) namoz o‘qishadi.

Kelasi kuni musulmonlar 2012 yilning martida hujumga uchragan Tuluzadagi yahudiylar maktabi yonida namoz o‘qishadi, hamda aksiyani Nitstsada 14 iyul kuni – 86 insonning o‘limiga sabab bo‘lgan teraktga bir yil to‘lgan kunda yakunlaydilar. Kutilishicha, maxsus xotira marosimida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ishtirok etadi, deya ta'kidlagan "Libr Beljik".

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid