Jamiyat | 19:00 / 08.06.2017
6173
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda o‘g‘rilarning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi surishtirilmoqda

2017 yilning 7 iyun kuni Toshkent IIBB xodimlari tomonidan Rixsiyev Davron o‘g‘irlik sodir etayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Matbuot brifingida ma'lum qilinishicha, u Mirobod tumani  hududida fuqaro Hakimovga tegishli bo‘lgan «Neksiya-2» rusumli avtoulovning old yo‘lovchi eshigini buzib ochib, salondan jami 375 ming so‘m miqdoridagi naqd pullarni o‘g‘irlik yo‘li bilan egallab olib, hodisa joyidan yashirinayotgan vaqtida Ichki Ishlar Bosh Boshqarmasi xodimlari tomonidan daliliy ashyo bilan qo‘lga olingan. 

Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani Ichki ishlar Boshqarmasi huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 1-qismi (o‘g‘irlik) alomatlari bilan jinoyat ish qo‘zg‘atildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, Rixsiyev Davronning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda. 

2017 yilning 29 mart kuni noma'lum shaxslar fuqaro Ya.ning Sergeli tumanida joylashgan xonadoniga eshik qulfiga kalit tanlash yo‘li bilan g‘ayriqonuniy ravishda kirib, jami 3 mln 133 ming so‘mlik mol-mulkini o‘g‘irlaganlik holati bo‘yicha Sergeli tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 2-qismi “g” bandi (o‘g‘irlik, ya'ni o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda uy-joyga g‘ayriqonuniy ravishda kirish) alomatlari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan edi. 

Toshkent shahar Ichki Ishlar Bosh Boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tergov-tezkor tadbirlari natijasida, mazkur jinoyat muqaddam o‘g‘irlik va giyohvandlik vositalarini noqonuniy muomalasi jinoyatlari bilan sudlangan Sergey Zavodskoy va Aleksandr Buzichkin tomonidan sodir etilganligi aniqlanib, ulardan turli xildagi kalitlar to‘plami va qo‘lqoplar daliliy ashyo sifatida olingan.

Bundan tashqari, Zavodskoy va Buzichkinlar Toshkent shahri hududida kalit tanlash yo‘li bilan bir nechta o‘g‘irlik jinoyatlarini sodir etganliklari aniqlandi. Mazkur jinoiy guruh a'zolariga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan bo‘lib, boshqa jinoyatlarga aloqadorliklari tekshirilmoqda. 

Shu munosabat bilan, shahar IIBB mazkur shaxsdan jabr ko‘rgan fuqarolar bo‘lsa, yaqin oradagi ichki ishlar idoralariga yoki 102 qisqa telefon raqamiga murojaat qilishlarini so‘rab qoladi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid