Jamiyat | 21:26 / 10.06.2017
14568
2 daqiqa o‘qiladi

Ostonada Xitoyning "terrakota jangchilari" paydo bo‘ldi

Foto: Kazinform

Ostonadagi Qozog‘iston Milliy muzeyida "EKSPO-2017" xalqaro ko‘rgazmasi doirasida "Imperator Tsin Shixuandining terrakota armiyasi" ko‘rgazmasi ochildi. Bu haqda Ostona ma'muriyati rasmiy saytida ma'lum qilindi

"Ushbu ko‘rgazma Markaziy Osiyoga birinchi marta keltirildi. Ostonada EKSPO o‘tmoqda va biz aynan uning doirasida o‘z madaniyatimizni taqdim qilishni istadik. Umid qilamanki, ushbu qadam Qozog‘iston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy munosabatlarni mustahkamlashda o‘ziga xos ko‘prik bo‘ladi", deb aytdi Shensi viloyatining madaniy yodgorliklari boshqarmasi direktori Chjao Rung.

Xitoy jangchilari va ular otlarining to‘liq o‘lchamdagi 8099 ta terrakota haykali 1974 yilda Sian shahrida imperator Tsin Shixuandi maqbarasida topilgan. Haykallar har biri individual tarzda yasalgan bo‘lib, birining yuzi boshqasinikiga o‘xshamaydi. Olimlar bu haykallar miloddan avvalgi 210-209 yillarda hukmronlik qilgan  imperator buyrug‘i bilan yasalganini aniqlashgan. Bugungi kunda "Terrakota armiyasi" YuNeSKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 

"Tsin sulolasi hukmronlik qilgan davr Xitoy imperiyasining eng yorqin davrlaridan biri hisoblanadi. Bu davrda  iqtisodiyot, madaniyat, boshqa davlatlar bilan munosabatlar rivojlangan. Shuning uchun biz qozog‘istonliklar Xitoy merosi va madaniyati haqida bilishlari uchun terrakota jangchilari orqali o‘z tariximizni so‘zlamoqchimiz", deb qo‘shimcha qildi Chjao Rung.

Bugungi kunda "Terrakota armiyasi" 40 ga yaqin davlatda namoyish qilingan. Qozog‘istondagi ko‘rgazma bilan bir vaqtda ushbu "armiya" Germaniya va AQShda ham namoyish qilinmoqda. Ostonaliklar va mehmonlar ushbu antiqa haykallarni Qozog‘iston Milliy muzeyida 10 sentabrgacha tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid