Sport | 11:10 / 11.06.2017
20012
6 daqiqa o‘qiladi

Zlatan «Zenitda»: bu fantastikami yo haqiqat?

Ibrahimovich o‘z karerasini «Manchester Yunayted»da davom ettirmaydi. «Zenit» esa bu xabarning ertasigayoq shvetsiyalik hujumchining «Tvitter»dagi akkauntiga obuna bo‘ldi. Bu narsalar o‘rtasida biror bog‘liqlik bormi?

Nega u «MYu»dan voz kechdi?

Ibrahimovich bizni o‘lguniga qadar hayratda qoldirishda davom etsa kerak. Uning uchun 35 yoshidayam top-klubning asosiy tarkibi o‘yinchisi bo‘lish, notanish chempionatdagi ilk mavsumida 17 ta gol urish, boz ustiga, ulardan ikki-uchtasi durdona bo‘lishi — chikora ekan. 2016/17 mavsumda u barcha turnirlarda jami 28 ta gol urib, 10 marta golli uzatmani amalga oshirgan.

Biroq, shvetsiyalik «yarimma'bud»ning qo‘lidan kelmaydigan narsalar ham bor ekan. U jamoasini Yevropa Ligasi finali tomon dadillik bilan boshlab, «Anderlext»ga qarshi apreldagi o‘yinda mavsumni muddatidan avval tugatib qo‘ydi. U sakradi, havoda raqib bilan to‘p uchun kurash olib bordi, yerladi va tizzasidan jarohat oldi... «Old Trafford» karsaklari ostida Zlatanni maydondan zambilda ko‘tarib olib chiqib ketishdi. Bu uning «qizil iblislar» libosidagi so‘nggi daqiqalari bo‘lib qoldi.

Ko‘plar uning karerasi yakun topishi haqida gapira boshladi — bunday jarohatdan so‘ng uncha-muncha futbolchi avvalgi darajasiga chiqa olmaydi. Ayniqsa, yoshi o‘tganlar. Biroq Ibrada bunga qarshi dalil tiqilib yotipti. «Arslonlar jarohatdan insonlar kabi tiklanmaydi», deb yozib qo‘ydi u tiklanish jarayoni tushirilgan video ostiga, bungacha esa qo‘lga kiritilgan Yevropa ligasi kubogi ichiga jarohatlangan oyog‘ini tiqib olgandi.

Nima bo‘lganda ham, «Manchester Yunayted»ning kelgusi mavsum uchun tanlab olingan futbolchilari ro‘yxati ichida uning nomi yo‘q. Uni tushirib qoldirishibdi. Balkim, Ibra kelgusi mavsum rejalari ichidan «MYu»ni o‘zi olib tashlagandir. Garchi mish-mishlar uni Xitoydan tortib — Amerikagacha, Yer kurrasining turli nuqtalariga jo‘natayotgan bo‘lsa-da, uning agenti Mino Rayola Zlatan Yevropada qolishini ta'kidlab o‘tdi.

Zlatan butsalarini mixga ilishga aslo shoshilmayapti.

Nega u «Zenit»ga qo‘shilishi mumkin?

Birinchidan, «Zenit» va uning orqasida turgan tuzilmalarning unga haq to‘lashga qurbi yetadi. Peterburgda bir paytlar bir kunda 100 million yevroni qanday sovurish borasida master-klass o‘tkazishgan. Hujumchi erkin agent maqomida shu yerga kelishi ham mumkin. Unga maoshdan qizg‘anishmaydi, jafokash «Krestovskiy» stadioni esa tirik afsonaning o‘yinlarida bahramand bo‘laman deganlar bilan liq to‘ladi, tabiiyki, Zlatanga shirin va baxtli hayotni ham kafolatlashadi.

Biroq doim ambitsiyalari barq urib turadigan Ibraga bular kerakmikan? Unga Xitoy yoki MLS da ham kam pul to‘lashmaydi. «Zenit» esa bu mavsum Chempionlar ligasidan ham quruq qolib turibdi.

Zlatan «Zenit»ga kerakmi? Marketing nuqtai nazaridan — shak-shubhasiz. Ajiotaj, liganing xorijda mashhur bo‘lishi, reklama va liboslar savdosidan shartnomalar haqida yozib o‘tirishning o‘zi ortiqcha. Rossiyada bunday hodisa Maxachqal'ada yuz berib bo‘lgan. Faqat, Ibradan maydonda nechog‘lik foyda bor? Manchini ikkita ustun-hujumchini nazarda tutmaydigan o‘yin stiliga Ibrani moslashtirishga majbur bo‘ladi. Agar u va Dzyuba o‘rtasida raqobat yaratish rejalashtirilsa, shvedga maydonga doimiy tushish uchun RFPLdagi cheklov xalaqit berishi mumkin. Ibra og‘ir jarohatdan forig‘ bo‘lib, Rossiya maydonlarida o‘zini ko‘rasata olishi yoki yo‘qligi ham hozircha noma'lum. APLdagi chimlar yumshoq, Rossiyada esa jarohatni qayta yangilab olish ham hech gap emas. Manchinining yoshi o‘tgan futbolchilarni jalb qilish siyosati ham italyan mutaxassisining Peterburgda uzoq ushlanib qolmasligiga ishora qilmoqda.

Boshqa tarafdan, 35 yoshlida ham Ibra Rossiyadagi eng yaxshi futbolchi bo‘la olishi mumkin. Unday futbolchilar maydonda borini to‘kib soladi, bu shubhasiz. «Zenit» birinchi raqam ostida to‘p surishga ko‘nikkan jamoa, Manchini qanotlar bo‘ylab o‘yin uyushtirishni sevadi, shu sababli havodan uzatiluvchi to‘plar bilan Ibrani to‘ydirib tashlashlari aniq. Imij nuqtai nazaridan ham bu transfer klub tarixidagi eng yaxshisi bo‘lishi mumkin. Yevropalik futbolchilarni Ibrahimovich bilan bitta jamoada o‘ynab, orzusiga yetishtirish uchun ham Piterga kelishga ko‘ndirish osonlashdi.

Peterburgga o‘tish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri shamalarni ko‘rish mumkin. Ibra va uning agenti mum tishlab olgandek jim bo‘lsa-da, «Zenit»ning xo‘jayinlari shov-shuvli transferlar va'da qilishmoqda, «Zenit» Tvitteri ham Ibraning sahifasiga obuna bo‘ldi. «Zenit» bilan shartnoma imzolagan so‘nggi uch kishi esa Manchini, Noboa va Terentev bo‘lib turibdi.

Mavzuga oid