Jahon | 23:58 / 13.06.2017
4530
2 daqiqa o‘qiladi

Italiyada ikkita poyezd to‘qnashib ketdi

Italiya tarixida eng yirik temir yo‘li falokatlartdan biri yuz bergan Apuliya viloyatida salkam bir yil o‘tib, ikkita poyezd to‘qnashib ketdi. Buning oqibatida 10 kishi jarohat oldi, deb xabar berdi mahalliy OAV.

To‘qnashuv yirik shahar Lechchedan bir necha kilometr uzoqlikda sodir bo‘ldi. Taxmin qilinishicha, bir-biriga qarama-qarshi kelayotgan poyezdlar yo‘ldan-yo‘lga o‘tkazadigan mexanizmning buzilganligi oqibatida to‘qnashib ketgan. Bu hududda harakat bitta temir yo‘ldan amalga oshiriladi.  

Tezlik uncha yuqori bo‘lmaganligi sababli jarohatlanganlar uncha ko‘p bo‘lmagan va poyezdlarga katta talofat yetmagan. Hammasi bo‘lib poyezdda 80 nafar yo‘lovchi bo‘lgan.

Hodisa joyiga qutqaruvchilar va o‘t o‘chiruvchilar yetib kelishgan va yo‘lovchilarni poyezdlardan evakuatsiya qilib, maktab avtobusida yaqin oradagi San-Donato aholi punktiga yetkazishgan.

2016 yil iyulda Apuliyada yirik temir yo‘l falokati yuz bergandi: ikkita yo‘lovchi poyezdi katta tezlikda Andriya shahri yaqinida to‘qnashib ketgan. To‘qnashuv oqibatida 23 kishi halok bo‘lgan, 50ga yaqin kishi jarohat olgan. Shuningdek, 3 ta vagon butkul vayron bo‘lgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid