Jahon | 11:12 / 13.06.2017
16324
3 daqiqa o‘qiladi

Putin AQShni chechen terrorchilarini qo‘llab-quvvatlashda aybladi

Foto: RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning bayonot berishicha, Amerika maxsus xizmatlari Chechenistondagi jangarilariga yordam bergan va Moskvaning bu boradagi noroziliklariga e'tibor bermagan. U rejissyor Oliver Stounning Showtime telekanalida ko‘rsatilgan «Putin bilan intervyu» hujjatli filmida shunday fikrni bildirgan. 

«Chechenistonda, Shimoliy Kavkazda muammolar boshlanganida, afsuski, amerikaliklar, bu jarayonlarni qo‘llab-quvvatladi», — degan Rossiya prezidenti. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya AQSh yordamidan umid qilgan, ammo buning o‘rniga Amerika maxsus xizmatlarining terrorchilarni qo‘llab-quvvatlayotganini aniqladi. 

«Agar siyosiy qo‘llov haqida gap ketsa, buning uchun isbot talab qilinmaydi. Bu axir,  ochiqcha, oshkora qilingan edi. Operativ, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash haqida so‘z ketganda — bizda shunday dalillar bor va biz ularning ayrimlarini amerikalik hamkasblarga taqdim etganmiz», — degan Putin.

«O‘shanda bizda qat'iy qarash shakllandiki, amerikalik hamkorlar faqat so‘zda Rossiyani qo‘llab-quvvatlashadi, terrorizmga qarshi kurashda hamkorlik qilish haqida gapirishadi. Amalda esa, ushbu terrorchilardan Rossiyadagi ichki vaziyatni izdan chiqarishda foydalanishadi», — deb qo‘shimcha qilgan Rossiya yetakchisi. 

Putin, shuningdek, AQShning sobiq prezidenti Jorj Bushning Kavkazda ishlagan va jangarilarga texnik yordam ko‘rsatgan amerikalik maxsus xizmat xodimlarining ism-shariflarini aytganda bildirgan fikrini ham yodga olgan. «U bunga juda salbiy yondashishini aytib, buni hal etishini bildirdi», — deya qayd etgan Rossiya rahbari. 

Bundan tashqari, Putin MRBning Moskvaga yo‘llagan maktubidan ham iqtiboslar keltirgan. Unga ko‘ra, amerikaliklar «o‘zlarini muxolifatning barcha a'zolari bilan munosabatlarni o‘rnatishga haqli deb hisoblashadi va bu ishni davom ettirishadi». Rossiya prezidentining aytishicha, maktubda terrorchilik guruhlari haqida gap ketgani yaqqol ko‘rinib turar edi. «Shunga qaramay, ular terrorchilarni qandaydir muxolifat namoyondalari sifatida ko‘rsatishga urinishdi», — degan Putin.

Rossiya prezidentiga bag‘ishlangan «Putin bilan intervyu» (The Putin Interviews) hujjatli filmi taqdimoti 12 iyun kuni Showtime telekanalida bo‘lib o‘tdi. Uni Rossiyada Birinchi kanal namoyish etadi. 4 seriyadan iborat kinotasma 19-22 iyun kunlari namoyish etiladi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid