Jamiyat | 03:31 / 16.06.2017
26661
5 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev domla-imomlarga minnatdorchilik bildirdi

Yurtimiz ostonasiga bostirib kelayotgan yovuz xavf-xatarlarning oldini olish, ularga ma'rifat bilan qarshi kurashishda, hech shubhasiz, dinu diyonatimiz yo‘lida sidqidildan xizmat qilib kelayotgan muhtaram domla-imomlarimiz, barcha diniy xodimlarning o‘rni va ta'siri beqiyos. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev diniy ulamolar ishtirokida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida shunday bayonot bilan chiqdi. 

"Sizlar inson tug‘ilganida chaqaloqqa azon aytishdan to uni so‘nggi yo‘lga kuzatishgacha – bir umr u bilan birga bo‘lasizlar. Ya'ni, hayotimizdagi barcha yaxshi-yomon kunlarda doimo biz bilan birgasiz.

Biz sizlarning odamlarni mehr-oqibatga, halollikka chaqirish, yoshlarni axloq-odob ruhida tarbiyalash, oilalar, mahallalarda tinchlik, hamjihatlik muhitini mustahkamlash bo‘yicha olib borayotgan savobli ishlaringiz uchun barchangizdan minnatdormiz. 

Ayni paytda bugun zamon shuni talab qilyaptiki, bu boradagi faoliyatimizni yanada kuchaytirmasak, uning samarasini oshirmasak, shuncha qilgan sa'y-harakatlarimiz bekor ketadi. Bundan buyon har bir imom-xatib faoliyatiga u ish olib borayotgan tumandagi diniy vaziyatga qarab baho beriladi.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, Shayxontohur tumani va Andijon viloyati faollari bilan bo‘lgan uchrashuvda muhokama qilingan masalalar va ularning yechimi bo‘yicha boshlangan ishlarni mamlakatimiz miqyosida keng targ‘ib etish maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman. 

Men o‘zim ko‘p joylarda eshitaman, imom-xatiblarimizning ma'ruza va suhbatlari, afsuski, ko‘pincha faqat tor diniy mavzu bilan cheklanib qoladi", - dedi davlat rahbari.

Holbuki, odamlarda shukronalik, ertangi kunga ishonch tuyg‘usini, sog‘lom e'tiqodni kuchaytirishga asos beradigan juda ko‘p misollarni bugungi hayotimizdan istagancha keltirish mumkinligi qayd etildi.

"Misol uchun, birgina “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi doirasida 300 dan ziyod chora-tadbir belgilangan bo‘lib, ularning ijrosi uchun 37,7 trillion so‘m va 8,3 milliard AQSh dollari miqdorida mablag‘ sarflash ko‘zda tutilgan. 

Dastur doirasida 2017 yilda qishloq joylarda 15 mingta yangi namunadagi arzon, takror aytaman, arzon uy-joylar barpo etiladi. O‘zingiz yaxshi tushunasiz, bu dunyoda uyga muhtoj bir odamga boshpana qurib berish ham dinimizda katta savob ish deb baholanadi. 

Shu ma'noda, bunday olijanob an'analar xalqimiz hayotida hech qachon to‘xtab qolmagani, davlatimiz tomonidan bugungi kunda yanada keng miqyosda davom ettirilayotganini aytib o‘tish joiz, deb o‘ylayman. 

Yurtimizda tadbirkorlik sohasida yaratilayotgan qulay sharoitlardan foydalanib, yoshlarni o‘z mustaqil ishini ochishga da'vat qilish – bu ham dinimiz buyurgan yaxshi amallardan biri.

“Diling – Ollohda, qo‘ling – mehnatda bo‘lsin” degan da'vat buyuk Bahouddin Naqshband bobomiz tomonidan ayni shu maqsadda aytilgan, desak, o‘ylaymanki, adashmagan bo‘lamiz", - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu o‘rinda bu yil qishloq joylarda yana bir ibratli tajribani boshlangani, ya'ni, g‘alladan bo‘shaydigan 1 million 15 ming gektar yerda takroriy ekinlar ekish uchun ruxsat berilgani qayd etildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar ko‘p. Maqsad – yer bekor turmasin, odamlar daromad olsin. Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Bularning barchasi xalqimiz uchun, uning hayot darajasi va sifatini oshirish uchun qaratilganini anglash albatta qiyin emas. 

"Eng muhimi, ular muqaddas dinimiz da'vat etadigan ezgu ishlarga har tomonlama uyg‘un va hamohang ekanini siz, azizlar ayniqsa chuqur tushunasiz va qadrlaysiz, deb o‘ylayman.

Biz o‘z yo‘limizda qanday xavf-xatarga duch kelmaylik, uni faqat mustahkam irodamiz, dinu diyonatimiz bilan yenga olamiz. 

Biz qanday marraga erishmoqchi bo‘lsak, unga faqat ona yurtimizga mehr-muhabbat, sadoqat va fidoyilik bilan erishamiz. Biz erkin va farovon kelajagimizni qurmoqchi bo‘lsak, faqat mard va olijanob xalqimiz bilan birga barpo etamiz.

Ishonchim komil, bu haqiqatni bugun barchamiz chin yurakdan his qilib turibmiz. Istardimki, shu buyuk tuyg‘u amaliy ishlarimiz, faoliyatimizda asosiy mezon bo‘lsin.

Shu yo‘lda Olloh taolo barchamizga doimo madadkor bo‘lsin, kuch-g‘ayrat ato etsin!", - deya so‘zlariga yakun yasadi Prezident.

Mavzuga oid