Jamiyat | 15:37 / 20.06.2017
32920
3 daqiqa o‘qiladi

Xususiy tibbiy klinikalar mashinasi nega jarimaga tortilmoqda?

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi IIV YHX Bosh boshqarmasi Toshkent shahrida joriy etilgan “Yo‘l harakatini boshqarishning kompyuterlashtirilgan tizimi” tomonidan qayd etilgan va sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun qonunchilikda belgilangan muddatlarda jarimalarni to‘lashdan bo‘yin tovlayotgan korxona va tashkilotlar ro‘yxatini taqdim etdi.

Ro‘yxatda ko‘proq xususiy tibbiy klinikalar nomi keltirilgan. Xo‘sh, xususiy tibbiy klinikalar transport vositasi maxsus transportlar sirasiga kirmaydimi? 

Kun.uz ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida IIV YHX Bosh boshqarmasidagi manba bilan bog‘landi.

Boshqarmadagi manbaning aytishicha, xususiy tibbiy klinikalar o‘zlariga tegishli transport vositalarini chaqiriq vaqtida qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yilganligi haqida ma'lumot taqdim etsalar, jarimaga tortish to‘g‘risidagi qaror bekor qilinadi.

Ma'lum qilinishicha, tez tibbiy yordam xizmatining transport vositalaridan foydalanish uchun mas'ul xodimlari hozirda ushbu holat bo‘yicha YHXga borib, tegishli chaqiriq davomida qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yilgani haqida ma'lumotlarni taqdim etmoqda.

Aytilishicha, xususiy tibbiy klinikalar ma'muriyati bilan suhbat o‘tkazilgan. “Lekin, ular hali ma'lumot taqdim etmadilar”, - deydi YHX Bosh boshqarmasidagi manba.

Bundan tashqari, ma'lum qilinishicha, kompyuterlashtirilgan tizim avtomatik bo‘lib, u istalgan har qanday mashina qoidabuzarlikni amalga oshirganini qayd etib boraveradi. “Agarda, xususiy tibbiy klinikalar bizga kelib, qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yilgan vaqtda chaqiriqqa ketayotganini isbotlab bersa, jarimaga tortish to‘g‘risidagi qaror bekor qilinadi. Sababi chaqiriq haqida baribir maxsus daftarlarga qayd kiritiladi. Shunday hujjatlarni olib kelib, isbotlab bersa, bo‘ldi”, - deydi manba.

Aytilishicha, bu borada tegishli hujjatlarni Mirobod tumanidagi Vodil ko‘chasida joylashgan 3-diagnostika tarmog‘i binosidagi ma'muriy-amaliyot bo‘limiga taqdim etish lozim.

Mavzuga oid