Jamiyat | 17:35 / 28.06.2017
16719
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onadagi qator oliy o‘quv yurtlarida yangi yo‘nalishlar ochildi

2017 yil 5 may kuni Prezident qarori bilan qabul kvotalari tasdiqlangani joriy yilgi qabul mavsumini rasman ochib berdi, deb bemalol aytish mumkin. Mazkur qaror asosida bir qancha yangiliklar va o‘zgarishlar kiritildi. Masalan, Respublika bo‘yicha kvotalar 8 ming 409 taga ko‘paygan va jami 66 ming 316 nafar talaba qabul qilinadi. Xususan, Farg‘ona davlat universitetida bu yil 1600 nafar abiturent talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ladi. Ulardan 405 nafari Davlat grantlari asosida bo‘lsa, qolgan 1195 nafari shartnoma asosida tahsil olishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusiga ko‘ra, bu yil Farg‘ona davlat universitetida yangi yo‘nalishlar ochildi. Tojik filologiyasi, Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash texnologiyasi, Hayotiy faoliyat xavfsizligi, Mehmonxona xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish hamda kasbiy ta'lim yo‘nalishlarga yoshlardan arizalar kelib tushmoqda.

Farg‘ona davlat universitetida avvallari 26 ta yo‘nalishda tahsil olish imkoniyati bo‘lsa, ularning safi yana 5 taga ko‘paydi. Qabul qilinishi mumkin bo‘lgan talabalarning soni ham 320 taga oshgan.

Muhammad al Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalar universiteti Farg‘ona filiali esa bu yil 5 ta yo‘nalish bo‘yicha jami 340 nafar talabani qabul qiladi. Mazkur oliy ta'lim muassasasida ham yangi - Axborot xavfsizligi yo‘nalishi tashkil etildi. Avvallari 290 nafar talaba qabul qilingan bo‘lsa, bu yil ularning safi yana 50 nafarga ko‘paydi.

Ma'lumot o‘rnida, joriy yil Farg‘ona viloyatidagi 4 ta oliy ta'lim muassasasi, jumladan, Farg‘ona davlat universiteti 1600 nafar, Farg‘ona politexnika instituti  1915 nafar, TATU Farg‘ona filiali 340 nafar, Qo‘qon pedagogika instituti 1200 ziyod talabani o‘qish uchun qabul qiladi. Prezident qaroriga ko‘ra, 68 balldan yuqori ko‘rsatkich to‘plagan abiturentlar o‘qish istagida bo‘lsa, kontrakt asosida tahsil olishlari mumkin.

Ayni kunlarda abituriyentlar o‘zlari tanlagan yo‘nalishlar bo‘yicha xujjat topshirishmoqda. Biroq hujjatlar soni ayni vaqtgacha kamroq. Odatda qabul komissiyasi 20 iyundan o‘z ishini boshlar edi. Shu sababli ham yoshlar bu boradagi yangilikni eshitmagan ko‘rinishadi. Eslatib o‘tamiz, hujjatlar 15 iyundan 15 iyulga qadar qabul qilinadi.

Ahror Ziyo, Farg‘ona

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid