Jahon | 08:18 / 30.06.2017
4595
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Meksikaga yangi neft quvuri qurilishini ma'lum qildi

Foto: AFP 2017 / Guillermo Arias

AQSh prezidenti Donald Tramp payshanba kuni Qo‘shma Shtatlardan Meksikaga neft quvuri qurilishi va Janubiy Koreyaga qo‘shimcha gaz yetkazib berilishi haqida ma'lum qildi.

"Mening ma'muriyatim hozirgina Meksikaga yangi neft quvuri qurilishini ma'qulladi, u AQShdan energiya manbalarini yanada ko‘proq eksport qilish imkonini beradi", - dedi prezident AQSh energetika vazirligida Amerika energetika sohasini rivojlantirish bo‘yicha qator tashabbuslar haqida ma'lum qilarkan.

Shuningdek, Tramp Amerika kompaniyalaridan biri va Janubiy Koreya o‘rtasida “ushbu davlatga qo‘shimcha gaz yetkazib berish bo‘yicha” muzokaralar boshlanganini e'lon qildi. U bu masalani Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In bilan juma kuniga rejalashtirilgan muzokaralarda muhokama qiladi.

Bundan tashqari, Tramp atom energetikasi va ko‘mir sanoatini rivojlantirish bo‘yicha boshqa tashabbuslar bilan ham chiqdi.

Davlat departamentining aniqlik kiritishicha, New Burgos Pipeline kompaniyasi loyiha operatori bo‘ladi. Quvurning loyiha quvvati sutkasiga 108 ming barrel neft mahsulotlaridan iborat. 

Shuningdek, Tramp payshanba kuni Amerika shelfida neft va gaz konlarini o‘zlashtirish bo‘yicha yangi dastur haqida ma'lum qildi.

"Biz neft va gazni shelfda o‘zlashtirish bo‘yicha yangi dasturni tashkil etmoqdamiz", - dedi u .

Uning so‘zlariga ko‘ra, “bu AQSh qirg‘oqlari yaqinida joylashgan energetik boyliklarga keng eshiklarni ochadi”.

Trampning ta'kidlashicha, ushbu chora “AQSh shelf hududlarining 94 foizida joylashgan qo‘shimcha energomanbalarni ochish imkonini beradi”. Uning qayd etishicha, “avvalgi ma'muriyat paytida ularning ko‘pchiligi o‘zlashtirish uchun yopib qo‘yilgandi”.

Mavzuga oid