Buxorolik firibgar ayolning “faoliyati”ga nuqta qo‘yildi
Oramizda shunday er-yigitlar borki ular uchun oila deb atalmish dargoh muqaddas sanaladi. Bunday vijdoni pok va halol yigitlar or-nomus, g‘urur, oila sha'ni kabi tushunchalarni e'zozlash bilan bir qatorda ezgu amallari bilan ko‘pchilikka o‘rnak bo‘ladi.
Ammo, yana shundaylar borki, ular pul-boylik, mol-dunyo ilinjida o‘zining jufti halolini tubanliklar sari ravona qilib jinoyat ko‘chasi tomon yetaklaydi. O‘zi uyida «xonaki erkak» bo‘lib kuni bilan g‘aflat bosib uxlaydi-yu, ko‘chaga ayolini haydab solib «pul topib kelasan», deya uni ming baloga giriftor qiladi. Erining ta'na dashnomlaridan, kunora kaltaklarning og‘riqli zarbidan bezigan sho‘rlik ayol esa, ko‘chaga chiqib pul topish maqsadida jinoyatga qo‘l uradi.
Buxoro tumani Losha Qishloq fuqarolar yig‘ini Diosiyo qishlog‘ida yashovchi Nigora Sayidova (ism-sharifi o‘zgartirilgan) ana shunday jabr-sitamlar iskanjasida jinoyatchi nomini olganlardan.
Nigora turmush o‘rtog‘i Akbar bilan ahdu paymon qilib yaxshi niyatlar bilan oila quradi. Bu nikohiga qarshi turgan otasi uni maqsadidan qaytarishga harchand urinmasin, ammo urinishlar zoye ketadi. Turmushning dastlabki kunlarida baxtli juftlik birgalikda ishlab ro‘zg‘or tebratadilar. So‘ngra Akbar xotini Nigorani o‘zi bilan birga ishlash maqsadida Rossiya Fedaratsiyasiga olib boradi. U yerda o‘tgan 2 yil davomida ularning farzandi Abbos dunyoga keladi. Nigora chaqaloq bilan begona yurtlarda qiyinchiliklarga bardoshi yetmay o‘z uyiga qaytadi. Ammo otasi uni ochiq chehra bilan kutib olmaydi. Nigora turmush o‘rtog‘i Akbar bilan qo‘ng‘iroqlashib, Buxoro shahridan ijaraga uy olib yashashini aytadi. Bunga rozi bo‘lgan Akbar esa, bir yildan so‘ng ularning ortidan keladi. Rossiyada ishlab topgan pullarini sarflab tugatganlaridan keyin ular hatto uyning ijara pullarini ham to‘lashga qiynalib qoladilar. Dunyoqarashi kemtik er-xotinlar pul yo‘qligidan kunora uyda janjal ko‘tarib bir-birini do‘pposlashgacha boradilar. Akbar yana qaytib Rossiya davlatiga borishni xohlamasdi. Chunki u yerdagi azob-uqubatlar uning etini titratardi. Chiqib ishlayman desa qo‘lidan tayinli ish kelmaydi. Rossiyada u qari kampirlarning «qadrdon kuchukcha»larini boqib, ularga ovqat pishirib bergan va shuning ketidan oylik olgan. Kuchuklar bilan ko‘proq muloqotga kirishgani bois, o‘zi ham 4-5 yil davomida xuddi oftobda toblanib yotadigan, «xo‘jayiniga ham nafi tegmaydigan qari tullak» kabi sifatlarga ega bo‘lgan...
...Nigora pul ishlab topish maqsadida shahardagi ayrim tashkilotlarda farroshlik qilar, qo‘shnilarining uy yumushlariga ko‘maklashar, kezi kelganda choyxona va tuyxonalarda idish-tovoq yuvib choychaqa ishlab topar edi. Lekin bu pullar tekinxo‘r erning xarajatlari-yu, ro‘zg‘or tashvishlariga mutlaqo yetmasdi. Va nihoyat, eri Akbar noilojlikdan yana Rossiyaga ketishga majbur bo‘ladi. Lekin mana ikki yildirki biror chaqa uzatgan yoki kelaman, deb qo‘ng‘iroqlashgan ham emas.
Nigora qisqa vaqt ichida mutlaqo o‘zga qiyofaga kirib, dunyoqarashi ham tubdan o‘zgarib, pul topishning qing‘ir yo‘llarini o‘ziga ma'qul deb topdi. «Ayolning makri qirq tuyaga yuk bo‘ladi», uning makridan «falak ham andisha qilar ekan» deganlaridek, Nigora nafs yo‘lida birovlarni aldash, ishontirish orqali firibgarlikni o‘ziga kasb qilib oldi.
Uning qo‘shnisi Mahbuba opa qizlarini turmushga uzatib o‘zi yolg‘iz yashab kelmoqda. Lekin ayolning yig‘ib qo‘ygan pullari, tilla-taqinchoqlari bisyor. Mahbuba opa Nigoraga butkul ishonadi. Nigoraning eri Rossiyada yurgan kezlari u Mahbuba opaning uyida ham yashagan. Qo‘shnisining ko‘zi to‘q va badavlat ayol ekanligini bilgan Nigora bir kuni, «opajon tilla taqinchoqlarizni berib turing, opamni to‘yiga taqib borib ertasi kuni qaytarib beraman», deya Mahbuba opaning tilla zanjiri, ikki dona tilla uzugi va bilakuzugini qo‘lga kiritadida shaytonning izmiga kirib bozor tomon ravona bo‘ladi. Tilla taqinchoqlarni bozorga olib borib arzon narxda pullab uyiga qaytadi. Mahbuba opa esa qo‘shnisiga andisha qilib tilla taqinchoqlarni xoxlagan vaqtida qaytarib berishi mumkinligini aytadi, ammo bilmaydiki, u taqinchoqlar allaqachon sotib yuborilgan.
Birinchi «ovi» baroridan kelgan Nigora pul topishning oson yo‘liga o‘rganib, borgan sari takabbur va kaltafahm ayolga aylanib qolgandi. Uning yashash xonadoni pastki qavatida uch-to‘rt nafar talaba yigit ijarada istiqomad qilishadi. Nigora ularning stipendiyalari plastik kartochkalar orqali berilishidan xabardor. Makkora ayol ularning xonalariga tushib Abror ismli talaba yigitni o‘zining hiylalari bilan aldaydi. Plastik kartochkadagi 700 000 so‘m pullarini ikki kun ichida naqd pul qilib berishini va'da qilib qo‘lga kiritadida, bu pullarni o‘z ehtiyoji uchun sarflab, talaba yigitni qaqshatadi. Keyingi kun Abror Nigorani ko‘rib plastik kartochkasini va pulni so‘raganida, «ukajon menga yana ozroq pul kerak, agarda xonadoshlaringga ham pul zarur bo‘lsa plastik kartochkasini olib ber, bir varakayga hammasini ertaning o‘zidayoq yechib beraman», deya aldaydi. Uning quruq va'dalariga ishongan Abror xonaga tushib u bilan yashaydigan o‘rtog‘i Feruzning ham plastik kartochkasini Nigoraga keltirib beradi. Mana ikki oydan buyon Nigora uyiga xuddi o‘g‘ri mushukdek poylab kirar, erta tongda yana qo‘shnilari uyg‘onmasdan ko‘chaga otlanardi. Talabalar esa uning ortidan yalangoyoq bo‘lib yugurib yurardilar...
Firibgar ayol bulardan tashqari, Jondor tumanida istiqomat qiluvchi Zebo ismli ayolning ham tilla taqinchoqlarini sotib berishni va'da qilib, uning 5 million so‘mlik tilla buyumlarni qo‘lga kiritib «quyonning rasmini chizgan» edi. Zebo opa Nigorani qidirib va nihoyat topadida uning qo‘lida bo‘lgan sumkasini ochiqdan ochiq egallab oladi. Sumkadan Nigoraning fuqarolik pasporti hamda 4 dona plastik kartochkalarini olgan Zebo opa Nigoraga 2 kun ichida tilla taqinchoqlarining pulini keltirib berishini, aks holda ichki ishlar idoralariga murojaat qilishini ta'kidlaydi.
Bu tazyiqdan ozgina cho‘chigan Nigora yana kimnidir «kiydirish» umidida daydib yurgan kunlarining birida yog‘och mahsulotlari sotiladigan bozorga ko‘zi tushib u yerda ham o‘zining pishirib yurgan yolg‘onlariga laqqa tushadigan biror-bir ishonuvchan odamni qidiradi.
Murodillo aka bir necha yillardan buyon yog‘och mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanib o‘zining doimiy mijozlariga ega bo‘lgan tadbirkorlardan. Bozorda uning atrofida xaridorlar talay ekanligini ko‘rgan Nigora oz bo‘lsa ham hadiksiramay tadbirkor amakiga eri Rossiyada ekanligini, uyida quruvchi ustalar ishlayotganligini, shuning uchun salkam 5 million so‘mlik yog‘och mahsulotlari zarur ekanligini aytadi. Murodillo aka ayolning nayranglari-yu, muloyim xushomadlaridan sarmast bo‘lib ushbu mahsulotlarni shu bozorda kirakashlik bilan shug‘ullanadigan Bahrom ismli haydovchining avtomashinasiga yuklatib, qaytishida pulini olib kelishini aytadi.
Nigora esa Zebo opaga qo‘ng‘iroq qilib tilla taqinchoqlarining puli evaziga yog‘och mahsulotlari eltib berishini aytadi. Haydovchini Jondor tumani tomon boshlagan Nigora yo‘l-yo‘lakay qo‘l telefonidan sms xabar orqali Zebo opa bilan xabarlashib, ushbu mahsulotlar avtomashinadan tushurilgandan so‘ng zudlik bilan gumdon qilinishini ta'kidlaydi. Yog‘och mahsulotlari Nigora boshlagan manzilga bir zumda tushurilgach, Nigora fuqarolik pasportini Zebo opadan oladida go‘yo yo‘l kira va mahsulotlar pullarini o‘zining uyidan olib berishni aytib avtomashinaga o‘tiradi va haydovchini boshqa manzilga boshlaydi. Qishloqning chekkasida hali qurilishi tugallanmagan bir uyga ko‘zi tushib, haydovchiga avtomashinani shu uy oldida to‘xtatishini, shu yerda yashashini, bir ozdan so‘ng pulni olib kelishini aytib mashinadan tushadida, o‘sha uyga tomon kirib ketadi. Haydovchi taxminan bir soatlar kutib oxiri sabr kosasi to‘lgandan so‘ng uning ortidan uyga kirib borsa u yerda hech bir jonzot yo‘q. Nigora uyning old tomonidan kirib orqa tomonidan juftakni rostlaganligini fahmlagan haydovchi avtomashinaga o‘tiradida yog‘och mahsulotlari tushurilgan dastlabki manzilga boradi. U yerdan Nigora haqida so‘raganida xonadon sohiblaridan bir hech qanaqa Nigora ismli ayolni tanimasliklarini, yog‘och mahsulotlari tushurilgan zahoti boshqa kishilar tomonidan olib ketilganligini aytadi.
Firibgarlarning nayrangiga duchor bo‘lgan haydovchi shaharga qaytib bo‘lgan voqealar haqida Murodillo akaga aytib berganidan so‘ng ular birgalikda Buxoro shahar IIBga borib ariza bilan murojaat qiladilar.
Buxoro shahar IIB xodimlari tomonidan olib borilgan dastlabki surishturuv va tezkor tadbirlar davomida bir necha o‘nlab kishilarning halovatini buzgan, firibgarlikni o‘ziga kasb qilib olgan Nigora qisqa vaqt ichida qo‘lga olinadi.
Barcha qilmishlariga iqror holda qonun oldida bosh egib turgan ayolning kirdikorlarini qanday izohlash mumkin. Albatta, sodir etilgan har qanday huquqbuzarlik va jinoyat uchun jazo muqarrar. Ammo, shu o‘rinda alohida ta'kidlab o‘tish joizki, Nigora kabi qing‘ir yo‘llardan yurishga odatlangan ayollarni, qolaversa, jinoyatga qo‘l urgan shaxslarni jazolash orqali bugun jamiyatimizda sodir bo‘layotgan turli ko‘ngilsizliklarga, noo‘rin jabrlanishlarga, nodonlik ortidan kelayotgan musibatlarga butkul barham berish mumkinmi?
Baxtiyor Raxmatov, kapitan
Buxoro viloyati IIB
Mavzuga oid
12:01 / 09.11.2024
Buxoroda 16 yoshli bola o‘nlab shaxslar nomiga kredit olib, onlayn qimorga tikib yubordi. U qamoqqa olingan
11:34 / 06.11.2024
Buxoroda 1 mlrd so‘mdan ziyod elektrdan noqonuniy foydalangan tadbirkor aniqlandi
11:24 / 06.11.2024
IJQKDning iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi vakolatlari aniqlashtiriladi
15:04 / 03.11.2024