O‘zbekiston | 12:52 / 06.07.2017
59381
3 daqiqa o‘qiladi

GM-Uzbekistan: Narxlarning o‘zgarishi avtomobillar savdosiga aks ta'sir ko‘rsatmayapti

GM-Uzbekistan tasarrufidagi Asaka avtomobil zavodiga jurnalistlar va blogerlarning press-turi davomida GM-Uzbekistan bosh direktori vazifasini bajaruvchi Rustam Rajabov, shuningdek, “Andijon Avtotexxizmat” AJ bosh direktori Ikromiddin Nishonov iyun oyida avtomobillarga narx belgilashda yangilik joriy etilganidan so‘ng bu hol avtomobillar savdosiga salbiy ta'sir qilmagani, ularning pasayishiga olib kelmaganini ta'kidlashdi.

— Avtomobillar savdosiga tezkorlik, shaffoflik, qulaylik, avtosalon xodimlarining ishga yangicha yondashuvi ijobiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Hozirda salonimizda puli to‘langach, uzog‘i bilan 1 soat ichida haydab chiqib ketilsa bo‘ladigan avtomobillar ham bor, — dedi I.Nishonov. — Shuningdek, mijozlarga hali keltirilmagan mashinalarga elektron navbatga turish tizimini ham joriy qildik. Mijozlar biror avtomobilga, deylik, eng xaridorgir mashinalarimizdan biri hisoblanuvchi “Damas”ga buyurtma berishadi. Ular bilan yuristlarimiz ishtirokida niyat kelishuvi imzolaymiz. Ular hali avtomobil pulini to‘lamasdan turib, navbati yaqinlashayotgani haqida SMS tarzida xabar olib turishadi.

GM-Uzbekistan bosh direktori vazifasini bajaruvchi Rustam Rajabov esa o‘tgan oylar ichida realizatsiya qilingan avtomobillar sonini keltirib, vaziyatga xolis baho berishni so‘radi.

Ichki bozorda 2017 yil may oyida 8.900 dona avtomobil savdoga chiqarilgan bo‘lsa, ayrim avtomobillarning narxlarida o‘zgarishlar ro‘y bergan iyun oyida bu ko‘rsatkich 10.519 taga yetgan.

GM-Uzbekistan bosh direktori vazifasini bajaruvchi Rustam Rajabov

Jumladan, xorijga eksport qilinayotan avtomobillar sonida ham o‘sish ko‘zga tashlanmoqda. 2017 yilning aprel oyida 1600, may oyida 2300, iyun oyida esa 2500 dan ziyod avtomobil MDH va xorijiy davlatlarga eksport qilingan, dedi R.Rajabov.

Uning aytishicha, avtomobillar asosan Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina va MDHning boshqa davlatlari, Yaqin Sharq va Afrikaning Nigeriya, Gabon, Liviya kabi davlatlariga eksport qilinmoqda.

Sh.Shokirjonov yozib oldi.

Foto muallifi Elmurod Ermatov

Mavzuga oid