Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Sizga o‘xshagan kadrlar bizda ko‘p». Men qayerda ishimni topaman?
Bugungi kunda jamiyatimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar va yechimini topmayotgan muammolar muhokama qilinib, qaysidir ma'noda ijobiy natijalar olib kelyaptimikin, deb o‘ylayman.
Men jurnalist emasman, ammo Kun.uz saytida e'lon qilingan «Qishloq bolalari o‘gay emas» — hududlarda kadrlar yetishmovchiligi muammosi» sarlavhali maqola e'tiborimni tortdi. Shu sababli boshimdan o‘tgan voqealarni qalamga olishga qaror qildim.
Ko‘plar qatori men ham chekka qishloqlardan birida tug‘ilib voyaga yetdim. O‘rta maktabni tugatib, poytaxtdagi nufuzli oliygohga kirib tahsil ola boshladim. Ta'lim sohasida qishloqlar u yoqda tursin, poytaxtda ham kadrlar yetishmovchiligi muammosi mavjud.
Talabalik paytimda bo‘sh vaqtimni behuda o‘tkazmay, deya poytaxtdagi Toshkent iqtisodiyot va servis kollejiga ish so‘rab bordim. Endigina 20 yoshga to‘lgan, hali oliygohning 4-bosqichida tahsil oladigan yigitni ishga olisharmikan, degan xayollar bilan kollej hududida yurgan, ko‘rinishidan salobatli bir odamdan direktorga qanday uchrashishim mumkinligi haqida so‘radim.
U inson mendan yo‘l-yo‘lakay kollej hududini birga aylanishni so‘radi va nima maqsadda kelganim, ma'lumotim, qiziqishlarim va rejalarimni aniqlab olgach, o‘zini shu kollej direktori Ochil To‘rayevich Yarashev, deya tanishtirdi.
Voqealar rivoji kutulmaganda hayratlanarli bo‘ldi. Kollej direktori to‘g‘ri xodimlar bilan ishlash bo‘limiga olib borib, mutaxassisligim doirasida bo‘sh ish o‘rniga hujjatlarimni rasmiylashtirishni buyurdi.
Ishga joylashishim shu qadar tez hal bo‘lishi xayolimga ham kelmagandi. Xursandligimdan astoyidil mehnat qilishga kirishdim. Ma'lum vaqt o‘tib, oylik maoshim ko‘payib qolganiga hayron bo‘lib, hisobchidan «yanglishib ketmadingizmi», deb so‘radim. Hisobchi ish faoliyatimni o‘rganib chiqib, rahbariyat tomonidan 40 foiz ustama haq belgilanganini aytganida o‘zimga sig‘masdim. Sababi — hali talaba bo‘lishimga qaramay bir necha yildan beri ishlab kelayotgan mutaxassislardan ko‘p maosh olayotgandim.
Ishim o‘zimga yoqardi: har kuni xursand holda kelib, o‘z bilimlarimni o‘quvchilarga ulashaman — bir hayot bo‘lsa shunchalik bo‘ladi-da!
Oliygohni tamomlash davri yaqinlashdi. Uch tomonlama shartnoma tuzishimiz, o‘zimiz doimiy yashash manzilimizdan ish topishimiz kerakligi haqida ko‘rsatmadan so‘ng, poytaxtda orttirgan bir yillik amaliy tajribam va oliygohdan olgan bilimlarimni qishlog‘imdagi yoshlarga ham ulashish niyatida, viloyatimdagi chekka qishloqda qad ko‘targan zamonaviy kasb-hunar kollejiga katta umidlar bilan uch tomonlama shartnomamni ko‘tarib bordim.
Dastlab kollej direktorini rosa ikki soat kutdim, bu orada navbat ham ko‘payib qoldi. Bir amallab navbatim kelganda direktor qabuliga kirdim. Kollej direktori sharnomani o‘qib chiqdi va «Sizga o‘xshagan kadrlar bizda ko‘p, bu shartnomani imzolay olmayman», deb javob berdi. «Tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushdi». Yangi ochilgan kollejda odatda kadrlar yetishmovchiligi bo‘lardi-da.
Xonadan chiqsam tashqarida menga o‘xshab ish so‘rab kelganlar ishga kirish uchun o‘ziga yarasha «xarajati» borligini aytishdi. To‘g‘risi, xafsalam pir bo‘ldi. U yerdan chiqib, boshqa duch kelgan korxona va muassasalarga bosh suqib ko‘rdim.
Xullas, tumanimizda menga mos ish o‘rni yo‘q ekan. Yaxshiyamki poytaxtdagi ish joyimdan bo‘shash uchun ariza yozmaganim — shartnomamni ko‘tarib jonajon ish joyimga keldim. Rahbar huzuriga kirib, boshimdan o‘tgan voqealarni gapirib berdim. Rahbarim miyig‘ida kuldi va: «Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, deydilar. Shu viloyatingga kerak bo‘lmasang menga keraksan, ber shartnomangni», deb imzo qo‘ydi va ilova uchun oliygohga xat yozib berdi.
Oxirida menga qarab: «Ketib qolayapsanmi, deya xavotirda edim. Qolganing yaxshi bo‘ldi, kayfiyatingni tushirma, senga o‘xshagan kadr bizga juda zarur», dedi.
Oradan qancha yillar o‘tdi, shu davrda menga yo‘l ko‘rsatgan o‘sha inson tufayli poytaxtda samarali mehnat qilib, turli lavozimlarda ishladim, magistraturada o‘qidim. Oliygohdagi ustozlarimga ham rahmat, ular tufayli hozir ham poytaxtda, o‘zim o‘qigan oliygohda talabalarga saboq berayapman. Afsuski, qishlog‘imda hanuz menga mos ish yo‘q, modomiki bo‘lsa ham, uning «xarajati» bor.
Yuqoridagi voqeani yozib, nima demoqchiman? Har bir ish egasiga berilgani va rahbarlar xam mutaxassis tanlashda adolat va oqillik bilan yondoshgani — yurt ravnaqiga beshak xizmat qiladi. Qolgan xulosa o‘zingizdan.
G‘.Berdiyev,
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU assistenti.
Mavzuga oid
10:50 / 02.05.2025
Latviya TATU huzurida maxsus maktab tashkil etishi mumkin
14:50 / 01.05.2025
TATU Urganch filiali Urganch davlat universitetiga qo‘shib yuboriladi
18:52 / 13.08.2024
“Talabalarim oldida uyalib qolmaslik uchun til o‘rgandim” – 67 yoshida ingliz tilidan B2 darajasini olgan otaxon
19:00 / 10.04.2023