Jahon | 10:35 / 14.07.2017
15213
2 daqiqa o‘qiladi

San-Frantsisko aeroportidagi shov-shuvli voqeaning tafsilotlari ma'lum bo‘ldi

Foto: AP

Kanadaning Transportdagi xavfsizlik masalalari bo‘yicha qo‘mita (TSB) San-Frantsisko xalqaro aeroportida yuz bergan hodisa yuzasidan dastlabki tergov natijalarini e'lon qildi. Ekspertlarga ko‘ra, bu yerda aviatsiya tarixidagi eng yirik fojianing oldi olingan edi. Bu haqda Assoshieyted Press agentligi xabar qilmoqda.

Hodisa 2017 yil 7 iyul kuni tunda sodir bo‘lgan. Air Canada aviakompaniyasining Torontodan parvozni amalga oshirayotgan yo‘lovchi samolyoti xato tufayli uchish-qo‘nish yo‘lagiga emas, balki 4 ta samolyot parvozga hozirlik ko‘rayotgan yo‘lakka qo‘nmoqchi bo‘lgan. Dispetcherlar o‘z vaqtida qo‘nayotgan samolyotni havoga qaytarishga muvaffaq bo‘lishgan. 

TSB ma'lumotlariga ko‘ra, Kanadaning bortida 140 nafar yo‘lovchi bo‘lgan Airbus 320 samolyoti qo‘nish amaliyotini to‘xtatib, burilish yo‘lakchasidagi 2ta samolyot ustidan 30 metr, uchinchisidan 65 metr, to‘rtinchisidan 100 metr balandlikdan uchib o‘tgan. 

liveatc.net saytida Airbus 320 samolyoti ekipaj a'zolarining dispetcherlar bilan shu vaqtda olib borgan ehtimoliy suhbati e'lon qilingan. Unda uchuvchi uchish-qo‘nish yo‘lagida "qandaydir yorug‘liklar" haqida gapirgan. Aslida, ular burilish yo‘lagida manyovr qilayotgan havo laynerlari bo‘lgan. 

Dispetcher uchuvchini uchish-qo‘nish yo‘lagi bo‘sh ekaniga ishontirgan. Bir necha soniyadan so‘ng suhbatga uchinchi ovoz qo‘shiladi. Bu burilish yo‘lagidagi samolyotlardan birining uchuvchisi bo‘lishi mumkin. Audioyozuvda "Bu bola qayoqqa qo‘nayapti? U burilish yo‘lagida", degan tashvishli ovoz eshitiladi. Shundan so‘nggina, dispetcher Kanada samolyoti uchuvchisiga qo‘nishni to‘xtatishni buyuradi. 

Mavzuga oid