O‘zbekiston | 09:16 / 15.07.2017
7201
4 daqiqa o‘qiladi

Oliy Majlis deputatlarini bir necha marta saylashga imkon beriladi

Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida parlament palatalari, siyosiy partiyalar, O‘zbekiston Ekologik harakati, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari faoliyatining tahlili hamda istiqboldagi vazifalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma'ruza qildi. Davlat rahbari o‘z ma'ruzasida sidqidildan ishlaydigan deputatlarni bir necha marotaba saylash tizimini joriy etish masalasiga to‘xtalib, parlament a'zolarini “adolatli deputat”, “xalqparvar deputat”, “mehnatkash deputat” kabi unvonlar berish xususida so‘z yuritdi. 

“Ayni paytda Oliy Majlis deputatlari va senatorlarini ma'naviy va moddiy rag‘batlantirish, xizmat ko‘rsatgan deputatlarga “Adolatli deputat”, “Xalqparvar deputat”, “Mehnatkash deputat” degan nomlar berishni nazarda tutish maqsadga muvofiqdir. O‘ylaymanki, bunday nomlarga sazovor bo‘lgan deputatlar keyingi saylovlarda, avvalo siyosiy partiyalar tomonidan ilgari suriladi, eng muhimi, ular xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. 

Bilasizlarmi, hammani bir xil qilish qiyin, bu dunyoda. Ishlagan odamni mana shunday e'zozlashimiz kerak. Xalqimizga tanishtirishimiz kerak. 

Nega biz sudlarni doimiy qilyapmiz? Nega ularga 10 yillik huquq berdik? Nega endi sizlarni saylashga shunday yo‘l ochib bermaymiz? Parlamentda hamma ham ongli ravishda siyosatni tushunavermaydi. Albatta, yangilanish kerak. Lekin, o‘zim parlamentda ko‘p yil ishlaganimda xulosa qilganman, besh yilda deputat ongi yurisprudensiyadan oshadi. Biz endi ochilgan eshikni darrov yopib qo‘yamiz, boshqasini olib kelamiz. 

Sizlarni ko‘p yillar shu yerda ko‘rish nasib etsa, o‘ylaymanki, sizlarga ham shu ma'qul, xalqimizga ham ma'qul, mengayam bu yoqadi, rostini aytsam.  

Sidqidildan va samarali ishlagan hamda vakolati tugagan deputatlarga faxriy deputat maqomii berib, ularning oyligiga ustama haq berish tizimini joriy qilish kerak. Jumladan, Qonunchilik palatasi deputati yoki Senat a'zosi bo‘lgan faxriy senatorlarimizga har yili eng kam oylik haqining 8 baravari, mahalliy kengashlarning faxriy deputatlariga 3 baravardan 5 baravargacha bo‘lgan miqdorda mukofot berishni taklif etaman. Qolaversa, faxriy deputatlarga Oliy Majlis palatalari majlislarida ishtirok etish huquqini bersak, faxriy deputat har bir deputatga kelib o‘z fikrini bildirsa, nur ustiga nur bo‘lar edi. 

Sizlarga yaxshi ma'lum, amaldagi qonunchilikda deputat va senatorlar faoliyat olib borayotgan davrda ularning oldingi ish o‘rinlari saqlab qolinishi ko‘zda tutilgan. Lekin amalda bu norma samarali ishlamayotganini ochiq tan olish kerak. Shuning uchun, ushbu qonun normasining ijrosini ta'minlashimiz, kerak bo‘lsa, deputatlar o‘z vakolatlarini yakunlaganlaridan keyin, avvalgi lavozimiga nisbatan bir pog‘ona yuqori bo‘lgan vazifaga tayinlash lozim”, - degan Prezident. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid