O‘zbekiston | 10:23 / 15.07.2017
9386
2 daqiqa o‘qiladi

Oliy Majlis huzurida yangi Institut tashkil etiladi

Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida parlament palatalari, siyosiy partiyalar, O‘zbekiston Ekologik harakati, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari faoliyatining tahlili hamda istiqboldagi vazifalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma'ruza qildi. Uning ma'lum qilishicha, Oliy Majlis tarkibida muhim tuzilma, ya'ni, Ilmiy-amaliy tadqiqot va axborot-tahliliy faoliyat olib boradigan, qonun loyihalarini ishlab chiqadigan Markazning yo‘qligi bu boradagi ishlarning yuqori saviyada tashkil etish imkoniyatini bermayapti.

“Ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda, Oliy Majlis huzurida qonunchilik muammolarini o‘rganish Institutini tashkil etishni taklif qilaman. Bu Institut parlament a'zolarining buyurtmasiga asosan, huquqni qo‘llash amaliyoti va xorijiy tajriba bo‘yicha tahliliy ma'lumotlar va qonun loyihalarini tayyorlash ishlari bilan shug‘ullanishi lozim. Bu nima uchun kerak? Bu institut deputat va senatorlarning eng yaqin yordamchisi vazifasini bajarishi kerak”, - dedi Prezident.

Shuningdek, davlat rahbarining aytishicha, Davlat boshqaruv akademiyasi bilan birgalikda deputatlar malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish ham foydadan xoli emas. 

“Biz tuman deputatlarini o‘qitmoqchimiz, lekin mana Toshkentda turibdi. Sizlarni ham yaxshilab o‘qitsak, deputatlikdan keyin ham faoliyatga kerak o‘qish baribir”, - dedi Mirziyoyev. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid