Jahon | 11:10 / 16.07.2017
12403
2 daqiqa o‘qiladi

KXDR AQSh bilan yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazmoqchi emas

Foto: © RIA Novosti

KXDR AQSh «dushmanona» siyosatini bas qilmas ekan, o‘zining yadro va raketa dasturini bu davlat bilan muhokama etmaydi. Bu haqda Koreya Markaziy telegraf agentligi tarqatgan bayonotga asoslanib RIA «Novosti» xabar tarqatdi.

«AQSh shuni anglashi kerakki, hozircha AQSh KXDRga nisbatan dushmanona harakatlarini bas qilmayapti. Bu holda KXDR yadro va raketa dasturi hech qachon muzokaralar mavzusiga aylanmaydi. Koreya yarim orolini yadro qurolidan xoli hududga aylantirish bo‘yicha muloqot imkoniyati boy beriladi», — deyilgan bayonotda.

Agentlik bayonotida shuningdek AQShning KXDRga qarshi «banditlarcha harakatlari», sayyorani bu mamlakatga qarshi qurollantirish kampaniyasi amalga oshmayotgani ta'kidlab o‘tilgan.

«Global harakatlar haqidagi gap-so‘zlar, suveren davlatni o‘zini mudofaa etish imkoniyatlariga egalikda ayblash Tramp uslubidagi kuch siyosatining yaqqol ifodasidir. AQShning barchani ularga ma'qul bo‘lmagan suveren davlatga qarshi kampaniyada qatnashishga safarbar etishga urinishi zamonaviy dunyoda o‘tmaydi», — deyiladi bayonotda.

4 iyul kuni KXDR markaziy televideniyesi birinchi mintaqalararo «Xvason-14» ballistik raketasining sinovi muvaffaqiyatli o‘tganini ma'lum qildi. 5 iyul kuni esa BMT Xavfsizlik kengashi Koreya yarim orolidagi vaziyat yuzasida favqulodda yig‘ilish o‘tkazgan edi. Unda AQShning BMTdagi doimiy vakili Nikki Xeyli Pxenyanga qarshi kuch ishlatish borasida tahdid qilgan, shuningdek, mamlakatga qarshi sanksiyalar bo‘yicha rezolyutsiya tayyorlanishi haqida xabar bergandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid