Sport | 19:44 / 18.07.2017
14323
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliyada Neymar «PSJ»ga o‘tishiga shubha qilishmayapti (foto)

«Barselona» hujumchisi Neymar faoliyatini «PSJ»da davom ettirishi haqida navbatdagi xabar tarqaldi. Braziliyadagi Esporte Interativo nashri, ushbu braziliyalik futbolchi parijliklarning taklifini qabul qilgani haqida xabar tarqatdi.

Saytning rasmiy kanalida Neymar «PSJ» futbolkasida tasvirlangan surat joylashtirilgan.

Xabarda 25 yoshli braziliyalik futbolchi uchun parijliklar jamoasi 200 million yevrodan ortiq mablag‘ to‘lashi aytilgan.

Portal ma'lumotiga ko‘ra, yaqin vaqtlar ichida transfer haqida e'lon qilinadi.

17 iyul kuni ushbu braziliyalik futbolchi Lionel Messi soyasida qolib ketayotgani tufayli kataloniyaliklar jamosidan ketmoqchiligi haqida xabar tarqaldi. Keyinroq Parij klubi ushbu futbolchi uchun uning shartnomasida ko‘rsatilgan 222 million yevroni to‘lashga tayyorligi to‘g‘risida xabar paydo bo‘ldi.

Keyinroq kataloniyaliklar jamoasining bir qator vakillari bu xabarlarni rad etib chiqqandi.

Xususan, jamoaning sport loyihalari bo‘yicha vitse-prezidenti Xordi Mestre Neymar «PSJ»ga o‘tmasligi 200 foizga aniq ekanini ma'lum qildi.

Neymar «Barselona» safiga 2013 yili kelib qo‘shilgandi. U o‘tgan vaqt davomida kataloniyaliklar uchun 186 uchrashuvda maydonga tushgan, 105 gol urib, 80 golga pas bergan.

Futbolchining jamoa bilan amaldagi shartnomasi muddati 2021 yilgacha tuzilgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid