Jahon | 22:00 / 20.07.2017
8427
2 daqiqa o‘qiladi

Anqara AQShning Suriyadagi bazalari haqidagi ma'lumotlar tarqalishiga aloqadorligini rad etdi

Foto: © RIA Novosti

Turkiya hukumati Anadolu agentligiga AQShning Suriyadagi harbiy bazalari qayerlarda joylashgani haqida ma'lumotlar taqdim etmagan. Turkiya prezidentining rasmiy vakili Ibrohim Qalinning ma'lum qilishicha, agentlik bu haqdagi materialni mustaqil ravishda tayyorlagan.

Bundan oldinroq Anadolu agentligi Amerikaning Suriyadagi harbiy bazalarining joylashuvi haqidagi ma'lumotlarni e'lon qilgandi. 

Shundan so‘ng, Pentagon vakili Erik Pehon Vashingtondagilar AQShning Suriyadagi bazalari to‘g‘risidagi ma'lumotlar tarqatilishi AQSh boshchiligidagi koalitsiya faoliyatiga zarar keltirishi mumkinligidan tashvishda ekanini bildirgandi.

«Operativ xavfsizlik vajlari tufayli biz Suriyada IShIDni yo‘q qilish borasida operatsiyalar o‘tkazayotgan koalitsiya kuchlarining joylashuvi haqidagi ma'lumotlarni oshkor etmaymiz. Nozik harbiy ma'lumotlarning chop etilishi koalitsiya kuchlarini keraksiz tahdid ostiga qo‘yadi va IShIDni yo‘q qilish yuzasidan olib borilayotgan operatsiyalarni barbod qilishi mumkin», — degan Pehon.

Qayd etish kerakki, bunday ma'lumotlar AQSh prezidenti Donald Tramp suriyalik kurdlarga qurol-yarog‘ yetkazib berishni ma'qullagach, Vashington va Anqara o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashganidan so‘ng OAVda paydo bo‘ldi.

Turkiya Suriyadagi kurdlarni o‘z hududidagi kurdlar bilan ittifoqchi sanaydi va ularning tashkilotini o‘z hududiy yaxlitligiga tahdid sifatida baholab, ularga qarshi kurashib keladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid