Jamiyat | 10:29 / 21.07.2017
8288
2 daqiqa o‘qiladi

Uchtepada talonchilik qilgan jinoiy guruh qo‘lga olindi

2017 yil 12 iyul kuni Uchtepa tumanida noma'lum kimsalar Farhod ko‘chasida turgan fuqaro A.ning 2 mln 490 ming so‘m pulini ochiqdan-ochiq, talonchilik yo‘li bilan egallab olib, voqea joyidan yashiringan. 

Toshkent shahar IIBB tomonidan olib borilgan tergov-tezkor harakatlar natijasida jinoiy guruhning barcha a'zolari qo‘lga olingan. Matbuot brifingida ma'lum qilinishicha, Mo‘minov Sharofjon Sunatilla o‘g‘li jinoiy sheriklari To‘rabekov Elyor Jo‘rabek o‘g‘li, Isroilov Elyor Baxtiyor o‘g‘li va Berdibekov Sunnat Maratovichlar o‘zaro til biriktirib, talonchilik jinoyatini sodir etishgan va davlat raqami 01 T 443 XA bo‘lgan “Neksiya-2” rusumli avtomashinada juftakni rostlashgan. 

Ulardan fuqaro A.ga tegishli pul mablag‘lari va boshqa avtomashinaga tegishli davlat raqami daliliy ashyo sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 166-moddasi 2-qismi “v” bandi  (talonchilik, ya'ni bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, o‘zganing mulkini ochiqdan-ochiq talon-taroj qilish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda jinoiy guruh a'zolarining boshqa jinoyatlarga aloqadorliklari tekshirilmoqda.

Shu munosabat bilan, Toshkent shahar IIBB fuqarolarga murojaat qilib, kimda-kim mazkur shaxslardan jabr ko‘rgan bo‘lsa, 102 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilish yoki yaqin oradagi ichki ishlar idoralariga murojaat qilishni so‘raydi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid