Jamiyat | 21:58 / 22.07.2017
7207
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Malayziyaning UPSI universiteti tomonidan xalqaro anjuman o‘tkazildi

21-22 iyul kunlari O‘zbekiston Davlat jahon tillari universitetida Culton Idris nomidagi Malayziya pedagogika universiteti (UPSI) hamda Malayziyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda Malay tilini targ‘ib qilish bo‘yicha 5-Xalqaro anjumani tashkil etildi. Anjumanga Culton Idris nomidagi Malayziya pedagogika universitetining 50dan ortiq vakillari tashrif buyurishdi.

2012 yildan beri o‘tkazib kelinadigan mazkur anjumanning bu yilgi mavzusi "Go‘zal nutq boy madaniyatning bir qismi sifatida"ga bag‘ishlandi. Tadbirda diplomatik korpus vakillari, pedagoglar, talabalar, tadqiqotchilar ishtirok etishdi. 

Joriy yilda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi diplomatik aloqalarning 25 yilligi ham nishonlanadi. Ikki kun davom etgan xalqaro anjuman mamlakatlar o‘rtasida ta'lim sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Dato Nor'aini binti Abd Hamid, Malayziyaning Favqulodda va Muxtor Elchisi:

"Culton Idris nomidagi Malayziya pedagogika universiteti (UPSI) Malayziyaning eng nufuzli universitetlaridan biri sanaladi. Oliygoh tomonidan tashkil etilgan bugungi anjumanda ham yoshlar uchun beriladigan imkoniyatlar haqida batafsil ma'lumotlar berildi. Malayziyada talabalarning tahsil olishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ular o‘zini begona his etishmaydi. Sababi, mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘xshash jihatlar juda ko‘p. Hozirda ko‘plab O‘zbekistonlik yoshlar Malayziyada tahsil olishadi. Bu yerda siz istalgan mutaxassislikdagi oliy o‘quv yurtlarini topishingiz mumkin".

Muhammad Shatar Sabran, Professor, UPSI universiteti rektori:

"Ikki kun davomida O‘zDJTU bilan hamkorlikda seminarda ishtirok etdik. Bizning universitet jahonning ko‘plab oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. Tashrifimizdan maqsad - bu yerdagi ta'lim tizimi bilan yaqindan tanishish va O‘zbekistonlik talabalarni malay tilini o‘rganishga jalb qilish, UPSI oliygohida yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishishtirishdir. O‘ylaymizki, ushbu hamkorlik loyihalari doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi tajriba almashinuvi yanada mustahkamlanadi. Professor o‘qituvchilar, mutaxassislar, talabalarning Malayziyada malaka oshirishlari, shu bilan birga, Malayziyalik talabalarning ham O‘zbekistonga kelib, tahsil olishlari uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochiladi. Men yoshlarimiz ta'lim sohasidan tashqari, mamlakatning madaniyati, tarixiy obidalari bilan ham yaqindan tanishi lozim deb hisoblayman. Ana shunda xorijiy tilni o‘rganish oson kechadi, davlatlar orasidagi do‘stona munosabatlar esa bardavom bo‘ladi".

Mavzuga oid