Jamiyat | 19:57 / 24.07.2017
17405
2 daqiqa o‘qiladi

Bin Lodin, Jinoyat, Qamoq: Ozarboyjonda bolalarni qanday ismlardan qutqarishmoqda

Ozarboyjon vazirlar mahkamasi huzuridagi terminologiya bo‘yicha komissiya respublika fuqarosiga o‘z o‘g‘liga Bin Lodin, deb ism qo‘yishga ruxsat bermadi. Bu haqda Sputnik Ozarboyjon xabar qilmoqda.

Komissiya raisi o‘rinbosarining ma'lum qilishicha, bunga ushbu ism yomon tasavvurlar bilan bog‘liq ekani va milliy ismlar ro‘yxatiga kirmasligi sabab bo‘lgan. 

"U shuni tushunmayaptiki, ertaga farzandi maktabga boradi va atrofidagilar uning ustidan kulishadi. Bu bolaga jiddiy ruhiy zarba bo‘lib tushadi", - degan komissiya vakili.

Uning aytishicha, bir holatda erkak o‘z o‘g‘liga Shekspir, deb ism qo‘ymoqchi bo‘lgan. 2014 yilda esa g‘arbiy mintaqalardan birida yashovchi oilada egizaklar dunyoga kelgan – o‘g‘il va qiz bola. Ularning ota-onasi bolalarga “Xiyor” va “Xiyora” (tarjimada “bodring”) deb ism qo‘yishmoqchi bo‘lgan.

Bundan tashqari, komissiya vakilining so‘zlariga ko‘ra, bir qancha vaqt muqaddam komissiyaga erkak kishi qo‘ng‘iroq qilib, qiziga Qamoq ismini qo‘yish mumkinmi, deb so‘ragan. 

"Sobiq ittifoq davrida ham kulguli ismlar uchragan. Bolalarga Ansambl, Komsomol, Traktor, Buyruq, Buyurtma, Maslahat deb ism berishgan. Biz shunday ismlardan 1750 tasini topib, ularni tizimdan chiqarib tashladik. Tizimdan olib tashlangan ismlar orasida: Ma'shuqa, Jinoyat, Jindir va boshqalar bo‘lgan", - degan komissiya vakili.

Mavzuga oid