Jamiyat | 09:45 / 27.07.2017
12353
2 daqiqa o‘qiladi

Vijdonni pulga sotganlar

Zilola Sapayeva (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) muqaddam jinoyat sodir etgani uchun jazoga tortilgan. Biroq, bel og‘ritmay mo‘may daromad topish ishtiyoqi uning vijdonini shu qadar ko‘r qilib qo‘ydiki, hech qanday jazodan tap tortmasdan, qizlarni avrab, Turkiya davlatiga olib ketishda davom etdi. U hatto o‘z qarindoshlarini ham ayab o‘tirmadi. Uning u yerda qariyalar va go‘daklarga enagalik qilish, yaxshi haq to‘lanishi, bir yilda uy va mashina olish imkoniyatiga ega bo‘lish haqidagi yolg‘on bilan niqoblangan chiroyli va'dalari hali hayot achchiq-chuchugini tatib ko‘rmagan, oq-qorani ajrata olmaydigan qizlarni o‘ziga maftun qilaverdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Xorijga chiqayotgan qizlar nima sababdan Xorazm viloyati IIB xorijga chiqish-kelish va fuqarolik bo‘limidan chet elga chiqish uchun maxsus ruxsatnoma rasmiylashtirmagani, nima sababdan Toshkent shahridan emas, Qozog‘iston orqali Turkiyaga ketishayotgani haqida ham o‘ylab ko‘rishmadi. Ularga o‘z huquqlarini va qonunlarni yaxshi bilmasliklari pand berdi. Turkiyaga borgach, Zilola qizlarni Nigora ismli ayolga topshirib, kelishilgan pulni oldi-yu, ortiga qaytdi. Fuqarolik pasportini Nigoraga o‘z qo‘llari bilan bergan qizlar bu yerda unga har tomonlama qaram bo‘lib, fohishalik bilan shug‘ullanishga majbur bo‘ldilar.

Zilola esa yana Qozog‘iston orqali mamlakatimizga qaytib keldi. O‘z izlarini yo‘qotish uchun go‘yoki Qozog‘istonda pasportini “yo‘qotib” qo‘ydi.

U sotib yuborgan qizlar ne azoblar bilan mamlakatimizga qaytib kelib, haq-huquqlarini talab qilib, qonun himoyachilariga murojaat qildilar. Sud hukmi bilan Z.Sapayeva tegishli jazoga tortildi.  

 

Mavzuga oid