Jamiyat | 16:44 / 02.08.2017
24260
5 daqiqa o‘qiladi

Bir vatan, bir bayroq

Vatanning ramzlari ko‘p. Aytmoq mumkinki, yurtim deganda har bir insonning ko‘z oldida turlicha manzara namoyon bo‘ladi. Kimdir ona qishlog‘ini eslaydi, yana kimgadir ulug‘vor tog‘laru gavjum shaharlar yodga tushadi. Ammo vatanning umuminsoniyat qabul qilgan shunday ramzlari borki, u har bir davlatning o‘zligini anglatadi. Shulardan biri va eng muhimi bayroqdir.

Bir ijodkor akamiz shunday degandi: “Kunlarning birida qalbimda ulug‘vor hislar jo‘sh urib, balkonimizga O‘zbekiston bayrog‘ini osib qo‘ydim. Qoyil qildim, deb o‘tirsam, kelinoyingiz kelib “Dadasi, tez yig‘ishtiring, hozir qudalar kelishi kerak, ko‘rganlar nima deydi?” deb qolsa deng. Men ham ortiqcha gap so‘z qilmay yig‘ishtirib qo‘ya qoldim...”.

Foto: Kun.uz

Negadir bizda shunaqa, bayroq faqat rasmiy tadbirlarda, davlatga aloqador binolar yonida hilpirashi kerak, degan tushuncha shakllangan. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor albatta, xususan bayroqdan qanday foydalanish bo‘yicha alohida qoidalar mavjud, ularga hamma bo‘ysunishga majbur. Shuningdek, bayroq faqat davlatniki degan fikr ham ongimizga chuqur o‘rnashib olganki, biz yurtimizning bu ramzini yaxshi ko‘rsakda, ko‘tarib yurishni, ardoqli joylarga osib qo‘yishni, eng muhimi to‘lqinlangan paytimizda ko‘zga surtib yig‘lashni o‘zimizga ep bilmaymiz. Kimdir shunday qilsa ham bizga erish tuyiladi. 

Ammo buning uchun faqat olimpiadada g‘alaba qilish, yoki bayram bo‘lishi shart emas!

Qolaversa yana bir muhim jihat bor: xohlasakda, bayroqni har doim topa olmaymiz. Bir do‘konda ko‘rib qolib, narxini so‘radim – 136 000 so‘m! O‘rtacha bir bayroq. Deyarli minimal maoshga teng – anchagina qimmat. 

Bir guruh ijodkorlar Turkiya safarida bo‘ldik. O‘rgansak bo‘ladigan jihatlar ichida bayroqqa munosabat ko‘pchilik qatori shaxsan meni ham lol qoldirdi. Bu yurtda bayroq shunchaki davlat ramzi emas, insonlarning vujud-vujudiga singib ketgan, eng ko‘zga ko‘rinarli joylardan, kishilarning uyi to‘ridan, derazasidan, mashinasidan va hatto yelkasidan tushmaydigan bir vosita ekan. Tog‘lar cho‘qqisida bayroq, dengiz bo‘ylarida bayroq, bittagina toshdan iborat orolchaga ham bayroq qadalgan. Shaharlar orasida ketarkansiz hech kim yashamaydigan joylarda ham bahaybat quvurlar ko‘kka o‘rlab, uchida ulkan bayroqni hilpiratib turganiga guvoh bo‘lasiz. Katta yig‘inlarda, stadionlarda to‘g‘ondan to‘kilgan suv kabi mavjlanib kengayib boruvchi bayroqlarniku qo‘yavering...

Foto: Sherzod Ikramutdinov
Foto: Sherzod Ikramutdinov

Bayroq ko‘chalarda shunchaki sovg‘a qilib ketilaveradi. Sotilsa ham qimmat emas, hech kim xarid qilishga og‘rinmaydi. Tarixni, bugunni va kelajakni aks etgan shu bir parcha mato shu qadar e'zozdaki, bu davlatning har bir fuqarosi o‘zini bayroqdan ayro tasavvur qila olmaydi.

Biz ham vatanimizni har qanday turk qardoshimizdan kam sevmaymiz, bu aniq. Shu yurtning yam-yashil tog‘lariyu, sap-sariq sahrolaridagi har zarra qumi ham biz uchun aziz. Kim bu gaplarni balandparvoz deb tushuncha, xorijdagi vatandoshlarimiz bilan bir bir suhbatlashsinlar. Lekin vatanning asosiy ramzi – bayroqqa muhabbatni ham alohida o‘ylab ko‘rsak arziydi. 

Foto: Sherzod Ikramutdinov
Foto: Sherzod Ikramutdinov
Foto: Sherzod Ikramutdinov
Foto: Sherzod Ikramutdinov
Foto: Sherzod Ikramutdinov
Foto: Sherzod Ikramutdinov
Foto: Sherzod Ikramutdinov
Foto: Sherzod Ikramutdinov
Foto: Sherzod Ikramutdinov

Istardikki, u har qadamda bo‘lsin! Ayniqsa katta yo‘llarimiz bo‘yida, shaharlarimiz markazlaridagi maydonlarda, baland binolarimiz ustida ulkan bayroqlar chiroyli hilpirab tursin! Har ko‘rganimizda shu VATANning bir bo‘lagi ekanligini his qilib yashaylik!

Abror Zohidov.

Mavzuga oid