Jahon | 19:39 / 02.08.2017
15647
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Qurolli kuchlaridagi asosiy qo‘mondonlar ishdan olindi

Turkiya Qurolli kuchlarining milliy armiya safida yuqori lavozimlarni egallab turgan havo va dengiz, quruqlikdagi kuchlarning qo‘mondonlari vazifasidan ozod etildi. Mahalliy nashrlarning xabar yozishicha, bu o‘zgarishlar o‘tgan yili amalga oshmay qolgan davlat to‘ntarishining ortidan yuz berayotgan silkinishlar silsilasida yuz bermoqda.

NTV bergan ma'lumotga ko‘ra, vazifasidan ozod etilgan qo‘mondonlar o‘rnini yuqori mansabli harbiy boshliqlar egallaydi. Turkiya Bosh vaziri Binoli Yildirim raislik qilgan Oliy harbiy Kengash yig‘ilishida o‘zgarishlar ortidagi muhim qarorlar qabul qilindi. Prezident Erdo‘g‘an qarorni imzolagach, ommaga shaxsan e'lon qilishi kutilmoqda.

Turkiya Quruqlikdagi harbiy kuchlar qo‘mondoni Solih Zaki Cho‘loq o‘rnini Jandarm mahkamasi boshlig‘i Yasar Guler egallashi taxmin qilinmoqda. Shuningdek, Harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondoni Bulent Bo‘stono‘g‘li o‘rniga uning o‘rinbosari, vitse-admiral Adnan O‘zbal kelishi mumkin.

Aytish joizki, chorshanba kungi yuqori harbiy mulozimlar yig‘ilishi o‘tgan yilgi iyul voqealaridan beri uchinchi marta o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid