Dolzarbligini yo‘qotmaydigan mavzu
Insoniyat paydo bo‘libdiki, eng dolzarb, eng mashaqqatli va eng qiyin vazifa – yoshlar masalasi bo‘lib kelgan. Mutafakkir va allomalar, ziyolilar jamiyatning rivoji, tinchligi va xotirjamligini yoshlar tarbiyasi bilan bog‘lagani bejiz emas. Tarbiya masalasi qadriyat, an'ana bilan bog‘liqlikda hal etishga harakat qilingan bo‘lsa, o‘sha joyda rivojlanish bo‘lgan. Yoshlar tarbiyasiga e'tiborsizlik bo‘lgan joyda inqiroz va o‘pirilishlar sodir bo‘lgan.
Yaqinda ayni shu yoshlar tarbiyasiga doir bir mavzuda turli soha mutaxassislari bilan suhbatlashdim. Siyosatshunos Ravshan Baykulovning aytishicha, fan va texnika jadal rivojlanayotgan hozirgi sharoitda, aksari yoshlar oldida turli muammolarning paydo bo‘lishi, birinchi navbatda, ularning dunyoqarashi tamomila o‘zgarganida.
— Bu yoshlar vaqtini bekorga sarflab, kunlarini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazmoqda, — deya davom etadi siyosatshunos. —Yer yuzidagi aholining 20 foizini yoshlar tashkil qiladi. Afsuski, millionlab yoshlar maktab nima ekanini umuman bilmaydi. Ya'ni, ular, mutlaqo savodsiz. Yana shuni ham aytish kerakki, kichik muammolar o‘z-o‘zidan yiriklarini keltirib chiqaradi. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yoshlar orasida erta turmush qurish oddiy holga aylandi. Erta qurilgan yosh oilalarda arzimas, kichik-kichik muammolar paydo bo‘ladi. Bu muammolar asta-sekin kattalashib boraveradi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, hali oila atalmish muqaddas dargohning nima ekanini to‘liq anglab yetmagan, ro‘zg‘or qurishga mutlaqo tayyor bo‘lmagan bu yoshlarning turmush qurishiga nima sabab bo‘lgan? Bunga ota-onalarining xohishi yoki allaqanday o‘tkinchi bir havas bilan, degan javobni hech ikkilanmasdan aytishim mumkin. Masalan, ayrim Sharq mamlakatlarini oling, yoshlar ota-onalarining xohishi va qandaydir o‘ylab topilgan udumlarga ko‘ra, erta turmush quradi. G‘arbda aytib o‘tganimdek, o‘tkinchi bir havas orqali oilalar bunyod bo‘lyapti. Xo‘sh, keyin nima bo‘ladi? Bu oilalarda aksariyat hollarda nosog‘lom farzandlar dunyoga kelishi, ro‘zg‘orda uchraydigan turli noo‘rin gap-so‘zlar xatti-harakatlar oilalarning barham topishiga, ya'ni oilaviy ajrim bilan nihoyasiga yetadi.
E'tibor bergan bo‘lsangiz, jahon yoshlari orasida ishsizlik muammosi ham bugunga kelib eng dolzarb mavzuga aylandi. Hozir, hatto, eng rivojlangan mamlakatlarda yoshlar bandligini ta'minlash katta muammoga aylandi. Ularning ko‘pchiligi xorijda ish topaman deb odam savdosi atalmish jirkanch jinoyatning qurboniga aylanmoqda.
— Esingizdami, bundan 4-5 yil oldin Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlarida ommaviy tartibsizliklar, “rangli inqiloblar” yuz bergandi, — deya gap boshlaydi faylasuf O‘ktam Tilovov. — Aynan shu to‘polonlarning boshida kim turgandi? Albatta, o‘zining fikriga ega bo‘lmagan, kim nima desa, shunga ergashib ketadigan, boshqacha qilib aytganda, mafkuraviy immuniteti sust bo‘lgan yoshlar turgandi. Umuman, keyingi yillarda, dunyoda bu kabi tartibsizliklarni amalga oshirishda vayronkor kuchlar, mafkuraviy kurashlarda, ommaviy tadbirlardan texnologik asosga o‘tdi. Ya'ni? Ya'ni ular professionallashdi. Hozir axborotni qabul qiluvchidan ko‘ra, uni boshqalarga yetkazadigan “fikr liderlari”ning sonini ko‘paytirish yo‘lga qo‘yilgan. Buzg‘unchi g‘oyalarni targ‘ib etuvchilar odamlarda shakllangan mafkuraviy e'tiqodni o‘zgartirishga intilmoqda.
Bu yo‘lda ular kimlardan foydalanadi bilasizmi? Bu yo‘lda, ular asosan yoshlardan foydalanmoqda. Ayanchlisi, bu manfur kimsalar, o‘smirlar bilan turli ijtimoiy tarmoqlar orqali aloqa o‘rnatib, ularning qalbi va ongiga kirishga harakat qilmoqda va buning uddasidan chiqmoqda. Ko‘pincha, ular g‘arbning qo‘shtirnoq ichidagi mashhur olimlarining yoki sotsiologik markazlarining xulosalarini ishga soladi. Shuningdek, ular o‘smirlarning his-tuyg‘ularidan ham foydalanishning hadisini olgan. Buzg‘unchilar yaxshi biladiki, his-tuyg‘ularga tayangan axborot tez o‘zlashtiriladi va xotirada uzoq saqlanadi. Yana bir narsa, bu yoshlar bilib-bilmay, ekstremistik tashkilotlarga a'zo bo‘lib, terrorchilik harakatlarida ham faol ishtirok etmoqda, — deya fikrini davom ettiradi faylasuf.
Vayronkor kuchlar girdobiga tushgan o‘smirning qo‘lidan “xanjar”ni olib qo‘ysak, uning o‘rniga boshqa narsani olmasligi uchun nima qilsak bo‘ladi?
— Bilasizmi, avvalo, uning qo‘liga qog‘oz va qalam tutqazish kerak. Biz ularni ezgu maqsadlar sari intilishga undashimiz va xanjarning yomonligiyu qalamning yaxshi ekanini tushuntirishimiz kerak. Farzandlarimizga unday qilma, yomon, bunday qilma, bu yaxshi emas demaslik uchun ularga bugun nima uchun yashayotganini, qanday maqsad sari intilishi va buning uchun nima qilishi lozimligini uqtirishimiz kerak...
Suhbatni iqtisodchi Nasrullo Nazarov davom ettirdi:
— Agar masalaga chuqurroq e'tibor qaratsangiz, deyarli barcha sohada integratsiyalashuvning kuchayishi vayronkor g‘oyalar targ‘ibotiga ko‘maklashmoqda. Uzoqqa bormaylik, o‘n yil muqaddam biror g‘oyani odamlar ongiga singdirish, uni targ‘ib qilish uchun millionlab mablag‘ xarj qilingan bo‘lsa, ayni paytga kelib, ularni iste'molchilarning o‘zi sotib olmoqda. Oddiy misol, ijtimoiy tarmoq orqali namoyish etilayotgan xorijlik san'atkorning klipidagi “o‘ziga xos” ko‘rinishi va uning xatti-harakatlarini o‘zlashtirib, taqlid qilayotgan yoshlarni oling. Bu ularga shunchaki zavq bag‘ishlashi mumkindir. Lekin yoshlarning badiiy saviyasi pasayib ketishiga kim kafolat beradi? Hozir nima ko‘p ko‘cha-ko‘yda quloqchin taqib yurgan yoshlar ko‘p. Agarda ularning yoniga borib, biron bekat yoki ko‘chani so‘rasangiz, sizni eshitmasdan, indamay yo‘lida davom etadi. Bu, yoshlar eshitayotgan, allaqanday xorijiy tushunarsiz musiqalar yurak urish ritmini o‘zgartirishi bilan birga kishida yengiltabiatlik hissining ortishi hamda karlikka sabab bo‘lmoqda.
— Xorijdan kirib kelayotgan turli kliplar, filmlar axloqiy buzuqlikni targ‘ib etib, yoshlarimizni muqaddas qadriyatlarimizga nisbatan hurmatsizlik qilishga undamoqda. Bu shunchaki o‘yin-kulgi va ko‘ngil ochish bilan bog‘liq “madaniyat”ni olib kirish emas, balki o‘zlarining yovuz maqsadlari orqali, butun bir xalqni o‘zagidan ayirish orqali uni inqirozga uchratish yotganini hamma ham bilavermaydi. Buni ayrim yoshlar anglab yetmayapti. Biz aytayotgan yoshlar muammolari faqat ijtimoiy tarmoqlar yoki “ommaviy madaniyat” bilan chegaralanib qoladigan muammolar emas, — deya qo‘shiladi huquqshunos Oybekxon Ibrohimxonov. — Dunyo yoshlari orasida giyohvandlik, jinoyatchilik soni ortib bormoqda. Ayniqsa, giyohvand moddalarni iste'mol qilayotganlar orasida 13-14 yoshli o‘smirlarning borligi katta fojia. Bu illat oilalarda nogiron farzandlarning dunyoga kelishi, naslning buzilishi, oilaviy ajralishlarning ortishi, jinoyatchilik va boshqa illatlarning asosi hisoblanadi. Modomiki, yoshlar muammolari to‘g‘risida fikr yuritar ekanmiz, jahon miqyosida yoshlar o‘limi ham tobora ortib borayotgani haqida kim bong urib gapirmoqda?
Eng achinarlisi, yoshlar o‘limining uchdan bir qismini o‘z joniga qasd qiluvchilar tashkil etmoqda. Tahlikalar girdobidagi bugungi dunyoda aziyat chekayotgan yoshlarning o‘z joniga qasd qilishiga asosiy sabab sifatida ularning kundalik muammolari emas, bevosita ruhiy iztiroblari sabab bo‘lmoqda. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma'lum qilishicha, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida istiqomat qilayotgan yoshlarning ruhiy holati deyarli bir xil. Oilalardagi nosog‘lom muhit, ya'ni ota-ona o‘rtasidagi tortishuv va janjallar ham o‘smir yoshidagilarning ruhiyatiga jiddiy ta'sir ko‘rsatmoqda va ayni shunday holat ham ularning o‘z joniga qasd qilishiga olib kelmoqda.
Olib borilgan kuzatuvlar shuni ko‘rsatmoqdaki, dunyo yoshlari orasida o‘qishni, ishlashni xohlamaydiganlar soni ham ko‘payishda davom etmoqda. Buning sababi nimada? Bu savolga kelganda bolalar shifokori Umida Rahmonova shunday dedi:
— Misr ehromlaridan birining devoriga juda qadim zamonlardayoq bugungi yoshlar o‘zgarib ketgan mazmunidagi gap yozib qoldirilgan. Har bir davr yoshlarining tarbiyasi o‘sha davrning muhim muammosi sifatida qaralgan. Asosiy sabab sifatida, ularning ota-onalari o‘z farzandiga umuman vaqt ajratmasligida deb bilish mumkin. So‘nggi yillarda, xonadonlarimizda shaxsiy kompyuterlar ko‘payib bormoqda. Bu juda yaxshi, Chunki ish yuzasidan bajarishga ulgurmagan yumushingizni uyda tugallab qo‘yasiz.
Lekin kompyuter oldida farzandlarimizning soatlab o‘tirishi, kompyuterdagi zo‘ravonlik sahnalari aks etgan o‘yinlarga berilib ketishi bolalarda shafqatsizlik hissining tomir otishiga zamin yaratmayaptimi? Ularning ruhiyatida ham jiddiy buzilish yuzaga kelmoqda. Natijada, bolalar kundan-kunga virtual o‘yinlarga berilib, kundalik hayotdan chetga chiqib qoladi. Bu ularning o‘qishiga ham o‘z ta'sirini o‘tkazmasdan qolmaydi. Ayrim o‘smir yoshdagilar maktabni bitirishi bilan, go‘yo, katta hayot shu ekan deb, turli pana-pastqam joylarda tamaki chekish va spirtli ichimliklar iste'mol qilishga ruju qo‘yadi. Bilingki, har bir bola, har bir yosh-o‘zi bir dunyo. Shunday, ekan ular bilan munosabatda bo‘lishda, suhbatdoshingizning fikrlash doirasidan kelib chiqqan holda gaplashish muhim. O‘smirlarga biror-bir maslahat berayotganingizda ham, albatta, yoshini hisobga olish shart.
Suhbatdoshlar oldida fikr berishga oshiqayotgan talaba Boburbek Hasanov shundy dedi: “Ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi turli illatlarni o‘zlashtirgan pirsing, tatuaj, ochiq-sochiq kiyinish, behayolikni targ‘ib etuvchi film va kliplarni tomosha qilishga mukkasidan ketayotgan ayrim tengdoshlarimni ko‘rib achinib ketaman. Bunday yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish barchamizning burchimiz. Qisqagina lekin juda ta'sirchan. Davradoshlarimning yoshlar muammolari to‘g‘risidagi fikrlarini jamlab, buyuk ma'rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidir”, degan purhikmat so‘zlari hech qachon o‘z kuchini yo‘qotmasligiga yana bir bor amin bo‘ldim.
Aziz zamondosh, bugun kishilik taraqqiyoti shunday bosqichga kirganki, endi unda harbiy kuch emas, intellektual salohiyat, zamonaviy texnologiyalar hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Yoshlar — ertangi kun davomchilari. Yoshlar bilan bog‘liq muammolar mavjud har qanday millat, davlatning kelajagi yo‘q. Ularga yetarli sharoitlarni yaratib berish, eng asosiysi, e'tibor qaratish lozim. Nima bo‘lganda ham, tarbiya xaqida zamondoshlarimizning fikrlarini ikki og‘iz so‘z bilan ifodalashga harakat qildik. Xulosa esa o‘zingizdan.
Akbarjon ABDURAIMOV
Mavzuga oid
15:32 / 22.11.2024
Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlar davlat fuqarolik xizmatiga tanlovsiz qabul qilinadi
15:18 / 13.11.2024
O‘zbekiston ingliz tili savodxonligi reytingida 98-o‘ringa tushdi
21:51 / 29.07.2024
Farg‘onada “Mirzo Ulug‘bek vorislari”ga va’da qilingan mukofot pullari berilmadi, nega?
21:39 / 26.07.2024