Jahon | 21:26 / 03.08.2017
28326
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy dunyodagi ikkinchi eng yirik GESni qura boshladi

Xitoy 3 avgust kuni dunyodagi ikkinchi eng yirik Bayxetan gidroelektrostansiyasini qura boshladi. GES Yantszi daryosining irmog‘i bo‘lgan Tszinsha daryosida qurilmoqda. Ma'lum qilinishicha, GESning quvvati 16 GVt ni tashkil qiladi. 

Loyiha hujjatlariga ko‘ra, elektrostansiyaning birinchi navbati 2021 yilda foydalanishga kiritiladi, 2022 yil oxiriga esa to‘liq bitkaziladi. GESning yillik o‘rtacha elektr energiya ishlab chiqarishi hajmi 62,4 mlrd kVt/soatni tashkil qiladi. Ta'kidlanishicha, bu miqdor Pekinning 2015 yilgi energiya iste'molining uchdan ikki qismiga teng.

Inshootlar majmuasi tarkibiga har birining quvvati 1 GVt dan bo‘lgan 16 ta gidroturbina kiradi. Suv omborining suv yig‘adigan maydoni 430 ming kvadrat kilometrni tashkish qiladi,  bu Tszinsha daryosi basseynining 91 foizga yaqinini tashkil qiladi.

Arka ko‘rinishidiga to‘g‘onining balandligi 300 metrga yetadi, uning qurilishi 2008 yildan olib borilmoqda. U qurib bitkazilgandan keyin yirikligi bo‘yicha Xitoydagi ikkinchi, dunyodagi to‘rtinchi to‘g‘onga  aylanadi. Loyihani amalga oshirish uchun Sichuan va Yunnan viloyatlaridagi 100 mingga yaqin kishini ko‘chirib o‘tkaziladi. Loyiha qiymati ma'lum qilinmagan.

Dunyodagi eng yirik GES “Uch dara” ham Xitoyda qurilgan bo‘lib, u Yantszi daryosida joylashgan. Uning o‘rnatilgan quvvati 22,5 GVt ni tashkil qiladi. Ayni vaqtda 14 GVt lik quvvat bilan bu boradagi ikkinchi o‘rinni Braziliya va Paragvay chegarasida joylashgan Parana daryosidagi “Itaypu” GESi egallamoqda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid