O‘zbekiston | 10:49 / 08.08.2017
40116
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston bosh vaziri Qirg‘izistonga boradi

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Qirg‘izistonga amaliy tashrif bilan boradi. Bu haqda Qirg‘iziston Respublikasi hukumati matbuot xizmati xabar bergan.

Aripov Cho‘lpon-Otada 15-17 avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan hukumatlararo komissiyalarning navbatdagi yig‘ilishlarida qatnashish uchun ushbu davlatga tashrif buyuradi.

Ta'kidlanishicha, Qirg‘iziston bosh vaziri So‘ronboy Jyenbekov o‘zbek hamkasbi bilan telefon orqali muloqot o‘tkazgan. Vazirlar Mahkamalari rahbarlari ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya va o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasini delimitatsiya hamda demarkatsiya qilish bo‘yicha hukumatlararo komissiyalarning navbatdagi yig‘ilishlariga tayyorgarlik jarayonini muhokama etishgan.

"Siz va O‘zbekiston delegatsiyasini Qirg‘izistonda ko‘rishdan xursand bo‘lamiz", - deya ta'kidlab o‘tgan Jyenbekov.

Aripov Qirg‘izistonda joriy yilning oktabrida O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazishga tayyorlikni tasdiqladi. Shuningdek, u Qirg‘iziston tomoniga 3 avgust kuni Issiqko‘l viloyati hududida avtofalokatga uchragan o‘zbekistonlik fuqarolarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

O‘z navbatida, Jyenbekov esa O‘zbekistonga O‘shda 630 o‘rinli umumta'lim maktabini qurish haqidagi qaror uchun minnatdorlik izhor qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid