Jamiyat | 15:00 / 09.08.2017
66595
4 daqiqa o‘qiladi

Borovskiy nomidagi kollej yopiladi(mi?)

Kun.uz tahririyatiga murojaat kelib tushdi. Unda P.F.Borovskiy nomidagi Toshkent tibbiyot kollejining taqdiri bo‘yicha tarqalgan turli ma'lumotlarga oydinlik kiritish so‘raldi. 

Murojaatni yuborgan fuqaroning bildirishicha, avval kollejdagi talabalar ota-onalariga hujjatlarni janjal-to‘polon qilmasdan olib ketishni aytishgan, keyin esa kollej tugatilgani va o‘quvchilar hujjatlarini poytaxtdagi boshqa tibbiyot kollejlariga olib ketishdan o‘zga chora yo‘qligi ma'lum qilingan. 

Murojaatni yuborgan fuqaro O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari E.Bositxonova tomonidan yuborilgan xatni ham ilova qilgan. Unda aytilishicha, O‘zbekiston Bosh vazirining 2017 yil 16 iyundagi yozma ko‘rsatmasiga asosan, P.F.Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji faoliyati 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab tugatiladi.

Xatda bildirishicha, shu sababdan kollej talabalari o‘qishni Toshkent shahridagi boshqa tibbiyot kollejlarining tegishli yo‘nalishlari va kurslariga ko‘chirgan holda davom ettirishlari mumkin.

“2017-2018 o‘quv yilidan boshlab P.F.Borovskiy nomidagi tibbiyot kollejiga o‘quvchilarni qabul qilish to‘xtatildi. Kollejning 2-3 bosqichlari talabalari ota-onalari bilan uchrashuvlarda aynan ushbu kollejni tamomlaganlik haqida diplom olish istaklari qayd etilgan, hamda o‘quvchilarni majburan ko‘chirish turli ziddiyatlarga olib kelishi mumkin. Toshkent shahar hokimining bu masala bo‘yicha tavsiyalarini hisobga olib, Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekiston Bosh vaziriga kollejni o‘quvchilar bosqichma-bosqich tamomlashi haqida taklifga ega xat bilan murojaat qilgan. Shu munosabat bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi bu masala hal etilgach, u bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumotni taqdim etadi”, - deyiladi xatda.

Tahririyat masalaga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi mas'ul xodimlari bilan bog‘lanishga urindi. Ulardan birining aytishicha, bu yil ushbu tibbiyot kollejiga qabul haqiqatdan ham bo‘lmaydi. O‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi markazi rahbari, Sog‘liqni saqlash vaziri, ichki ishlar xodimlari ta'lim muassasasining o‘ziga borib, ota-onalarga tegishli tushuntirishlar berishgani aytildi. 

Ma'lum qilinishicha, ayni kunda ushbu tibbiyot kollejining 2-3 bosqich talabalarini yo‘nalishi bo‘yicha 3 ta ta'lim muassasasiga ko‘chirish bo‘yicha qaror loyihasi tayyorlanmoqda. 

O‘z lavozimini oshkor etishni xohlamagan boshqa bir xodimning so‘zlariga ko‘ra esa, ayni damda talabalar va ota-onalar o‘rtasida faqatgina “Sen qayerda o‘qiysan?”, “Farzandingizni qayerda o‘qitasiz?” savollariga ega so‘rov o‘tkazilmoqda. P.F.Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji bo‘yicha hozirda tahlil ketayotgani aytildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi xodimining so‘zlariga ko‘ra, yaqin kunlarda bu borada rasmiy ma'lumot berilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yilning 1 iyun kuni P.F.Borovskiy nomidagi Toshkent tibbiyot kollejining 1999 yilda tug‘ilgan, 17 yoshli talabasi Jasur Ibragimov o‘z kursdoshlari tomonidan kaltaklanishi oqibatida o‘ziga yetkazilgan jarohatlar va o‘tkazilgan murakkab operatsiyalarga dosh bermasdan olamdan o‘tdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid