Jamiyat | 20:30 / 09.08.2017
17695
2 daqiqa o‘qiladi

Quyosh tutilishi jonzotlarning xatti-harakatlariga ta'sir qilishi mumkinligi aytildi

Foto: Caro Sven Hoffmann / Globallookpress

Olimlarning fikricha, joriy oy oxirida AQShda kuzatiladigan quyosh tutilishi jonzotlarning xatti-harakatiga noodatiy ravishda ta'sir qiladi.

Ta'kidlanishicha, quyosh tutilishi vaqtida qushlar sayrashdan to‘xtaydilar, yirik shoxli chorva esa yerga yotib oladi, deb xabar bermoqda The Los Angeles Times nashri.

Uzoq yillardan beri quyosh tutilishi vaqtida jonzotlarning xatti-harakati ortidan kuzatib kelayotgan, Kolorado universitetidagi planetariy direktori Dug Dunkanning aytishicha, jonzotlar o‘zlarini tutishlarining o‘zgacha holatlari ham bo‘ladi.

Misol uchun, Dunkan Boliviyada quyosh tutilishini kuzatishi vaqtida ushbu tabiat hodisasini kuzatish uchun "bir qatorga tizilib olgan" lamalarni ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan.

Shuningdek, Galapagos orollari yaqinida quyosh tutilishidan 5 daqiqa oldin o‘nlab kitlar okean sirtiga chiqqani va tutilish yakunlangandan 5 daqiqa o‘tibgina yana chuqurga sho‘ng‘ib ketgani hodisasi ma'lum.

Olimlarning fikricha, jonzotlarning noodatiy xatti-harakatlari quyosh tutilishi ularning sirkad ritmlariga ta'sir qilishi bilan bog‘liq, buning hisobiga jonzotlarga aslida kech tushmagan bo‘lsa ham, kech tushgandek tuyuladi.

To‘liq quyosh tutilishi AQShda 21 avgustda yuz beradi, bu tabiiy hodisani mamlakatning butun hududida kuzatish mumkin bo‘ladi. Bu 1979 yildan beri AQShdagi birinchi to‘liq quyosh tutilishi bo‘ladi. Shu bilan birga bunday hodisa AQShning butun hududi bo‘ylab oxirgi marta 1918 yildagina kuzatilgan.

Mavzuga oid