O‘zbekiston | 15:30 / 10.08.2017
38204
2 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta'limi vazirligida yangi tuzilma paydo bo‘ldi

Prezidentning 8.08.2017 yildagi PQ-3180-son qarori Xalq ta'limi vazirligi faoliyatini takomillashtirishga yo‘naltirilgan. Hujjat davlat rahbarining saytida e'lon qilindi, deb yozmoqda Norma.uz.
 
Vazirlikning asosiy vazifalari va kelgusi ishlarining yo‘nalishlari belgilandi. Ular orasida umumta'lim maktablari 10-11-sinf o‘quvchilarining kasb-hunarga o‘qitilishini ta'minlash bo‘yicha faoliyatni muvofiqlashtirish, shuningdek, umumta'lim maktablari va o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi muassasalari o‘rtasida o‘zaro integratsiyalashuv yo‘li bilan 11 yillik ta'limni joriy etish bo‘yicha tashkiliy-uslubiy tadbirlar tizimini amalga oshirish kabilarni ta'kidlab o‘tish mumkin.
 
Hujjat bilan Xalq ta'limi vazirligining tashkiliy tuzilmasi va uning markaziy apparati tuzilmasi (boshqaruv xodimlari – 64 nafar), shuningdek, idoraning hududiy bo‘linmalari, Respublika ta'lim markazi hamda O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik tashxis respublika markazi  tuzilmalari tasdiqlandi.
 
Bunda xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limlari xalq ta'limi tuman (shahar) bo‘limlariga aylantirildi. Ularning namunaviy tuzilmalari ham qarorda o‘z aksini topdi.

Mavzuga oid