Jamiyat | 20:26 / 14.08.2017
11383
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoylik o‘smirni internetga qaramlikdan davolash o‘lim bilan tugadi

Foto: AP Photo / Ng Han Guan

Xitoydagi maxsus o‘quv muassasasida internetga qaramlikdan davolanayotganiga atigi ikki kun bo‘lgan o‘smir halok bo‘ldi. Bu haqida Xitoy Markaziy televideniyesi (CCTV) xabar berdi. 

Unga ko‘ra, 18 yoshli Li Ao voqeasi avgust oyi boshida Anxoy provinsiyasida ro‘y bergan. O‘smir ota-onasi bilan Fuyan shahar okrugidagi Linchuan uyezdida istiqomat qilgan. 

Marhum o‘smirning onasi Lyu Dunmeyning so‘zlariga ko‘ra, u o‘g‘lining internetga qaramligidan qanday davolanishni bilmagan va eri bilan uni Lutszyan uyezdida joylashgan maxsus o‘quv muassasasiga davolashga yo‘llashga qaror qilgan. 

3 avgust kuni o‘smir maxsus maktabga olib kelingan, 48 soatdan sal kamroq vaqt o‘tgach, ya'ni 5 avgust kuni o‘smirning ota-onasiga internatdan qo‘ng‘iroq qilishgan va o‘g‘lining sog‘lig‘i yomonlashgani, shifoxonaga joylashtirilganini aytishgan. Ota-ona shifoxonaga yetib kelganlarida ularga o‘smirning hayotdan ko‘z yumgani aytilgan. 

Marhumning onasi aytishicha, ular zarur hujjatlarni rasmiylashtirish uchun morgga kelishganida o‘g‘lining tanasi boshdan oyoq jarohatlarga to‘la ekanini ko‘rishgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘smirning bel, bilak, tizzalari, yelkalari va bosh qismlarida jarohatlar bo‘lgan. Butun tanada jami 20dan ortiq jarohat bo‘lgan. 

Ta'kidlanishicha, bugunga kelib muassasa mahalliy hukumat tomonidan yopilgan, rahbar va 4 nafar xodim politsiya tomonidan qo‘lga olingan. Tergov olib borilmoqda, o‘lim sababi aniqlanmoqda. 

Onaning ma'lum qilishicha, o‘g‘lini davolashga jo‘natishdan oldin u maxsus maktabga qo‘ng‘iroq qilgan, u yerda davolashda psixologiya va harbiy tarbiya qo‘llanishi, jismoniy jazo qo‘llanmasligi aytilgan.

CRI ma'lumotlariga ko‘ra, internetga qaramlik Xitoyda 2008 yilning noyabridan rasman psixik kasallik deya tan olingan. 

Xitoy xalqaro radiosining ma'lum qilishicha, XXRda 720 milliondan ziyod internet foydalanuvchisi bo‘lib, ulardan 23 foizi - voyaga yetmaganlar.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid