Jamiyat | 19:11 / 25.08.2017
12729
3 daqiqa o‘qiladi

Huquqshunos: Rossiyadagi elchixona bilan bog‘liq qator muammoli masalalar bor

Foto: KUN.UZ

KUN.UZ Moskva shahrida “LeksMobayl” yuridik firmasiga asos solib, mehnat migrantlariga huquqiy yordam ko‘rsatib kelayotgan Botirjon Shermatov bilan suhbat qildi. Muloqot davomida Rossiyadagi O‘zbekiston elchixonasi va u bilan bog‘liq masalalar haqida ham to‘xtalib o‘tildi.

“O‘zbekiston elchixonasi bilan bog‘liq masalalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, biz mobil dastur ishlab chiqilishini so‘ragan bo‘lardik. Unda kerakli bo‘lgan tillarda zarur ma'lumotlar tezkorlik bilan berilib turilsa yaxshi bo‘ladi. Bizda elchixonada rasmiylashtiriladigan hujjatlar bilan bog‘liq muammolar bor. Bitta misol: chetda pasportini yo‘qotgan, u yaroqsiz holga kelgan yoki uning muddati tugagan fuqarolarimiz vatanga qaytish uchun vaqtinchalik guvohnoma olishadi. U bir oy muddatga beriladi. Shu narsani olishda juda ko‘plab muammolar bor. Birinchi navbatda – narxi. Hozirgi kunda O‘zbekiston elchixonasida shunday guvohnomani olish 55 dollar turadi. Qirg‘izistonda 35 dollar, Tojikistonda esa 10 dollar ekan. O‘rtadagi tafovut katta. Bundan tashqari, ularda bu narsani rasmiylashtirish oson. Bizda esa qiyin. Elchixonani saytida qaysi hujjatlar kerakligi yozilgan, ammo qancha muddatda qilinishi yozilmagan. Shuningdek, guvohnomani olish uchun kerak bo‘lgan hujjatlarning ichida fuqaro pasportini olgan bo‘linmadan ma'lumotnoma taqdim etishi kerak, degan joyi bor. Bu bilan doimiy muammolar bor. Bu narsa konsullik bo‘limining o‘zining qo‘lidagi ish, odamlarni qiynamasdan shu narsalar qilinsa, ancha kishilarning vaqti sarsongarchilikdan qutilardi. 

Yaqinda Moskvadagi deportatsiya bo‘lgan xorij fuqarolarini vaqtinchalik ushlab turish joyiga bordik. Bu yerda O‘zbekistonning 200 dan ortiq fuqarosi bor ekan. U yerda bir muammo bor - odamning o‘zida chipta olishga mablag‘i bo‘lmasa, davlat tomonidan pul ajratilishini kutishga majbur. Bu esa cho‘ziladigan jarayon. Bundan tashqari, u yerda pasporti yo‘q odamlar ham bor. Ular uning fuqaroligini tasdiqlatish maqsadida O‘zbekiston elchixonasiga so‘rov yuboradi. Bizning elchixonamiz esa o‘sha tashkilot tomonidan 55 dollar to‘lanmaguncha o‘sha guvohnomani bermay turgan ekan. Ularning aytishicha, hozirgi kunda faqatgina O‘zbekiston, Turkmaniston va Afrikaning bir davlati elchixonasi o‘z fuqarolari uchun pul talab qilar ekan. Boshqa davlatlar o‘sha yerda o‘tirgan fuqarosiga hujjatni bepul beradi va ular chiqib ketadi. Bunday narsalar odamning 4-5 oylab o‘tirishiga sabab bo‘lmoqda”, - deydi Shermatov.

Ma'lumot uchun, Botirjon Shermatov bilan suhbatning to‘liq shakli saytda tez orada taqdim etiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid